AOKA direktori Buxoro viloyatidagi soha vakillari bilan uchrashdi

08.06.2021, 22:00

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutasaddilarining Buxoro viloyatiga safari boshlandi.

Asadjon Xodjayev Buxoroda mahalliy davlat hokimiyati organlari, viloyat tashkilotlari va idoralari axborot xizmatlari rahbarlari bilan uchrashdi. Unda matbuot kotiblarining kasbiy malakasini oshirish, tashkilotlarning veb-saytlarini takomillashtirish, tanqidlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish va mavjud muammoni hal etish, OAV bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish kabi masalalar muhokama qilindi.



«Axborot xizmati har bir tanqidga munosabat bildirishi shart, biroq bu shunchaki formal tusga aylanib qolmasligi lozim. Afsuski, ba’zida yuzaki va mazmunan sayoz tayyorlangan munosabat va bayonotlarni ham uchratib qolamiz. Aslida rasmiy munosabatdan so‘ng mavzu yuzasidan ortiqcha savolga o‘rin qolmasligi kerak», — dedi Agentlik direktori.

Uchrashuvda har bir axborot xizmati doimiy ishlovchi jurnalist va blogerlar hamda ekspertlar guruhini shakllantirish, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar imkoniyatidan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashildi. Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.



OAV vakillari bilan uchrashuvda AOKA rahbari mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash va jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyati haqida gapirdi. Bosma va elektron nashrlar raqobatbardoshligini oshirish, hududiy OAVlar auditoriyasini kengaytirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.



Uchrashuvda, shuningdek, hududiy telekanallar faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha ham qator takliflar, fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Xususan, mualliflik teleradiomahsulotlarni ko‘paytirish, informatsion hamda tahliliy dasturlar sonini oshirish, badiiy kengashlar faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.



AOKA mutasaddilarining Buxoro viloyatiga safari davom etmoqda.

Увеличить на0%