«So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar» kitobining taqdimoti o‘tkazildi

11.06.2021, 17:35

Bugun, 11 iyun kuni «So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar» kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.

— Ushbu kitobning chop etildishi Vindxuk deklaratsiyasining 30 yilligiga o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi, — dedi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov. — «Inson huquqlari kutubxonasi» turkumi doirasida nashr etilgan ushbu to‘plamda bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan 48 ta xalqaro-huquqiy hujjatning so‘z, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalari jamlangan.

To‘plamning birinchi bobida Birlashgan millatlar tashkiloti, YuNESKO va Xalqaro qizil xoch qo‘mitasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalaridagi so‘z, fikr va axborot erkinligiga doir normalardan namunalar keltirilgan. Uchta muhim xalqaro-huquqiy hujjat – Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Xalqaro raddiya huquqi to‘g‘risidagi konvensiya hamda Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida Vindxuk deklaratsiyasi to‘liq holda va ilk bor o‘zbek tilida chop etilgan.

To‘plamning ikkinchi bobida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa kengashi, Amerika davlatlari tashkiloti, Afrika davlatlari tashkiloti va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mintaqaviy hujjatlarining so‘z, fikr va axborot erkinligi bilan bog‘liq normalari taqdim etilgan.

To‘plamning uchinchi bobida nohukumat yo‘nalishdagi xalqaro anjumanlar va nodavlat tashkilotlar qabul qilgan so‘z, fikr va axborot erkinligiga taalluqli xalqaro-huquqiy hujjatlar jamlangan. Xususan, Yoxannesburg prinsiplari, Sofiya Deklaratsiyasi, Talluar Deklaratsiyasi kabi xalqaro hujjatlar matni birinchi marta o‘zbek kitobxoniga davlat tilida taqdim etilgani ahamiyatlidir.

Tadbirda taniqli olim va adib, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do‘stmuhammad, Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dotsenti Akbar Nurmatov va boshqalar kitobning ahamiyati haqida atroflicha to‘xtaldilar. «So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar» kitobi soha mutaxassislari, kitobxonlar hamda yoshlar uchun qimmatli qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Увеличить на0%