Asadjon Xodjayev Farg‘ona viloyatidagi matbuot kotiblari bilan uchrashdi

12.06.2021, 16:54

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayevning Farg‘ona viloyatiga xizmat safari davomida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Agentlik rahbari, dastavval, mahalliy davlat hokimiyati organlari, viloyat tashkilotlari va idoralari axborot xizmatlari rahbarlari bilan taniqidiy ruhda uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda axborot manbalarida, tahlillar, sharhlar, sifatli videokontent, infografika kam kuzatilayotgani qayd etildi. Axborotni yetkazib berish shakllari hamon eski yondashuvlarga asoslanib qolgani, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar obunachalari soni nihoyatda kam ekani tanqid ostiga olindi. Chunki viloyatdagi 20ga yaqin tashkilotning «Telegram»dagi kuzatuvchilari soni ming nafarga ham yetmaydi.

Uchrashuvda, Asadjon Xodjayev tashkilotlar rasmiy veb-saytlarning holatiga ham alohida to‘xtaldi. Bu boradagi ishlar qoniqarli emasligi ko‘rsatildi. Ayrim tashkilotlar rasmiy saytlariga bir necha oydan buyon yangi material joylashtirilmagan.

AOKA direktori axborot xizmatlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham qiziqdi. Bu boradagi o‘rganishlar yakuniga yetkazilib, axborot xizmatlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarori ijrosi to‘liq ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda matbuot kotiblarining OAV hamda blogerlar bilan yaqindan hamkorlik qilishi, ochiq va shaffof faoliyat ko‘rsatishi zarurligi qayd etildi.

«2021 yilning birinchi yarim yillik faoliyati bo‘yicha natijalar tez orada e’lon qilinadi. Shu bois barcha matbuot kotibi o‘z ishini to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yishi lozim. Aks holda, muntazam ravishda past natija ko‘rsatayotgan matbuot kotiblari faoliyati bo‘yicha jiddiyroq xulosa qilishimizga to‘g‘ri keladi», — dedi Asadjon Xodjayev.

Uchrashuvlar davom etmoqda.

Увеличить на0%