AOKA rahbari farg‘onalik jurnalistlar, blogerlar va noshirlar bilan uchrashuv o‘tkazdi

12.06.2021, 20:20

Xabaringiz bor, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev xizmat safari bilan Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Safar doirasida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar hamda blogerlar bilan uchrashdi.



Blogerlar bilan uchrashuv ochiq va bahs-munozaraga boy ruhda o‘tdi. Unda bugungi kunda mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi.



Asadjon Xodjayev farg‘onalik blogerlar faoliyatini muntazam kuzatib borayotgani, ular tomonidan jamiyatdagi eng og‘riqli masalalar ko‘tarilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, so‘z mas’uliyatini unutmaslik lozim ekani, blogerlar amaldagi qonunchilik me’yorlariga qat’iy amal qilishi lozimligi qayd etildi.



Uchrashuv davomida blogosferani yanada rivojlantirish, sifatli va foydali kontentlar soni hamda salmog‘ini oshirish choralari muhokama qilindi. Takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi.

**
Farg‘ona viloyati — eng ko‘p ommaviy axborot vositasiga ega hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda 80dan ortiq bosma va elektron nashrlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Uchrashuvda Asadjon Xodjayev farg‘onalik jurnalistlarning keng imkoniyatlariga alohida to‘xtaldi.



Aytish kerakki, bugungi kunda bosma ommaviy axborot vositalarining eng asosiy masalasi — obuna va moliyaviy muammolar bilan bog‘liq. Uchrashuvda bu borada mahalliy jurnalistlarning takliflari o‘rtaga tashlandi, gazeta va jurnallarni asrab qolish, rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

«Bosma nashrlar bilan bog‘liq muammolar nafaqat bizda, butun dunyoda kuzatilmoqda, — dedi Asadjon Xodjayev. — Moliyaviy sharoitni yaxshilashning yagona yo‘li — marketingni yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy tarmoqlar va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatidan samarali foydalanish hamda tahliliy-tanqidiy materiallarni ko‘paytirish. Agar aholi sizning gazetangizdan naf ko‘rsa, albatta unga o‘z xohishi bilan obuna bo‘ladi. Sahifalash, materiallarni e’lon qilish mexanzmlarini ham davrga moslash lozim».



Uchrashuvda teleradiokanallarda efirga berilayotgan materiallar sifati haqida ham so‘z yuritildi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar tarbiyasi, kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan teleko‘rsatuvlar sonini oshirish kerakligi ta’kidlandi.



Shuningdek, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan nashriyot-matbaa korxonalari faoliyatini rivojlantirish, ushbu sohada o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolarni hal etish, kitoblar sifati, mazmun-mundarijasini yaxshilash bo‘yicha fikr almashildi.



Davra suhbati shaklida o‘tgan uchrashuvda farg‘onalik jurnalistlar hamda noshirlar o‘z takliflarini bildirdilar. Bildirilgan takliflar asosida tegishli choralar amalga oshiriladi.

Shu bilan Farg‘ona viloyatiga safar o‘z nihoyasiga yetdi.

Увеличить на0%