Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev Toshkent viloyatida bo‘ldi

18.06.2021, 21:25

Bugun, 18 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev Toshkent viloyatida mehnat qilayotgan matbuot kotiblari, noshirlar, jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashib, sohadagi muammolar, mutaxassislarni o‘ylantirayotgan masalalar bilan tanishdi.

Dastlabki uchrashuv mahalliy davlat hokimiyati organlari, viloyat tashkilotlari va idoralari axborot xizmatlari rahbarlari bilan o‘tkazildi. Unda matbuot kotiblari faoliyati tanqidiy tahlil etildi.

«Bugungi talablardan kelib chiqib, munozarali va tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida munosabat bildirmagan, media-rejalarga mas’uliyat bilan yondashmagan yoki aholiga rasmiy ma’lumotlarni tezkor yetkazish payida bo‘lmagan matbuot kotiblariga jiddiyroq chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz. Har qanday hududdagi asosiy va rasmiy manba — axborot xizmati», — dedi Asadjon Xodjayev.



Uchrashuvda mavjud muammolarning yechimlari haqida so‘z yuritildi. OAV hamda blogerlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, zamonaviy kommunikatsiyalardan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi.

********
Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda nashriyot va matbaa tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvning asosiy mavzusi — bosma OAV uchun obuna muammosi hamda gazeta-jurnallarni yetkazib berish tizimini takomillashtirish bo‘ldi.

Asadjon Xodjayev o‘z so‘zida Agentlik tomonidan bosma nashrlarni saqlab qolish ustida ish olib borilayotganini qayd etdi.



«Agentlik barcha tashkilot va idoralarga bosma nashrlarga obuna bo‘lish yuzasidan tavsiya yuboradi. Chunki gazeta va jurnallar jamiyat uchun qanchalik muhim ekanini yaxshi tushunamiz.

Internet OAV hamda mobil messenjerlar yangiliklarni tezkorlik bilan uzatishlari mumkin, biroq ularda tahliliy materiallar yetarli emas. Shu bois gazetalar ko‘proq tahliliy materiallar bilan o‘z o‘quvchilarini topishlari mumkin. Materiallar tegishli ekspertlar, olimlar, mutaxassislarni jalb qilgan holda tayyorlansa, nashrning obro‘si ham, o‘quvchilari soni ham ortadi», — deya ta’kidladi AOKA direktori.


Uchrashuvda viloyatda chop etilayotgan nashrlarda qo‘pol xatoliklar mavjud ekani, matbaa korxonalari esa texnik standartlarga rioya etmayotganini ta’kidlandi. «Kontrafakt mahsulotlari, eng birinchi navbatda, maktab o‘quvchilari sog‘ligiga zarar keltiradi, — dedi Asadjon Xodjayev. —Farzandlarimiz sifatsiz daftar va kitoblardan foydalanmasligi uchun bunday mahsulotlar va ularni ishlab chiqarayotganlarga qarshi jiddiyroq kurashish talab etiladi».

*******
Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan blogerlar bilan uchrashuvda mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi.

Uchrashuvda muammolar yuzaga chiqayotgani, aksariyat holatlarda ijobiy hal bo‘layotgani juda yaxshi jarayon ekani ta’kidlandi. So‘z erkinligi — mamlakat taraqqiyotining eng muhim asoslaridan biri ekani alohida e’tirof etildi.



Uchrashuvda xolislik va qonuniylik — bloger faoliyatining asosi ekani alohida ta’kidlandi. Shov-shuvlar, «xayp»lar ortidan quvmaslik, rasmiy manbalarga murojaat qilish, yolg‘on axborot tarqatishdan ehtiyot bo‘lish kabi masalalar muhokama qilindi.


Agentlik direktorining Toshkent viloyatiga qilgan bir kunlik safari yakunlandi.

Увеличить на0%