AOKA direktori Xorazm viloyatida xizmat safari bilan bo‘lib, qator uchrashuvlar o‘tkazdi

01.07.2021, 19:19

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayevning Xorazmga safari mahalliy davlat hokimiyati organlari, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot va idoralarning axborot xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuv bilan boshlandi.

Tadbirda matbuot kotiblari faoliyati tanqidiy tahlil etildi. Chunki mazkur viloyat Axborot xizmatlari reytingida pastki o‘rinlarda qolayotgan hududlardan biri hisoblanadi. Qayd etilishicha, 2020-yil ikkinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha Xorazmdagi mavjud hokimliklar matbuot kotiblaridan hech biri ushbu reytingda yuqori baho olmagan.


Agentlik direktori buning sabablariga to‘xtalar ekan, asosiy masalalar — tanqidiy materillarga o‘z vaqtida jo‘yali munosabat bildirmaslik, bayonotlar «ko‘rib chiqiladi», «o‘rganilyapti» kabi umumiy gaplardan iborat ekani, belgilangan media tadbirlarga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Masalan, 2021-yilning birinchi choragida viloyatda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan 150ta media-tadbirning 41tasi, aprel-may oylarida esa 108ta tadbirning 15tasi tashkil etilmagan.


«Axborot xizmati har bir tanqidga munosabat bildirishi shart, biroq bu shunchaki formal tusga aylanib qolmasligi lozim. Afsuski, ba’zida yuzaki va mazmunan sayoz tayyorlangan munosabat va bayonotlarni ham uchratib qolamiz. Aslida rasmiy munosabatdan so‘ng mavzu yuzasidan ortiqcha savolga o‘rin qolmasligi kerak», — dedi Agentlik direktori.


Uchrashuvda matbuot kotiblarining kasbiy malakasini oshirish, tashkilotlarning veb-saytlarini takomillashtirish, OAV bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi, vazifalar ijrosi yo‘lida to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.


Xizmat safari davomida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari va nashriyot-matbaa korxonalari rahbarlari ishtirokida uchrashuv tashkil etilib, unda sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida fikr almashildi.


Suhbat davomida xorazmlik jurnalistlarni qiynayotgan asosiy muammo — xuddi boshqa hududlar singari bosma nashrlar obunasi va muassislarning moliyaviy masalalarga befarq munosabatda ekani ma’lum bo‘ldi. AOKA rahbari mushkul vaziyatdan chiqishda bosh muharrirlar jonbozlik ko‘rsatishi lozimligini alohida ta’kidladi.


«Biz bosma nashrlar oldida turgan moliyaviy muammolarni hal etish bo‘yicha turli choralar haqida bosh qotiryapmiz, — dedi Asadjon Xodjayev. — Masalan, bugungi kunda internet nashrlari reklama va piar maqolalar ortidan daromad topayotgani sir emas. Gazeta va jurnallar ham reklamaga alohida e’tibor bilan yondashishi kerak.


Yana bir muhim masala shuki, ayrim muassislar bosma nashrlarga yetarlicha yordam bermayaptilar. O‘qituvchi yoki shifokorni obunaga majburlash emas, byudjetdan tashqari mablag‘lar evaziga jamoaviy obunalar tashkil qilish ham mumkin. Mahalliy deputatlar sessiyalarda ushbu masalani muhokama qilsalar, o‘ylaymanki, OAV uchun katta yordam bo‘lar edi».


Suhbat davomida mutasaddi idoralar tomonidan bosma nashrlarda e’lon qilingan tanqidiy materiallarga yetarlicha e’tibor va munosabat bildirilmayotgani qayd etildi. Bu borada Agentlik tomonidan tegishli choralar ko‘riladi.


Uchrashuvda, shuningdek, matbuot do‘konlari faoliyatini takomillashtirish, yangi, zamonaviy konstruksiyalar asosida kitob va gazeta-jurnallar sotiladigan shoxobchalar tashkil etish taklifi bildirildi. Nashriyotlar faoliyatini kuchaytirish, o‘quv daftarlari va kitoblaridagi xatoliklar o‘quvchilar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi alohida ta’kidlandi. Kitoblarni chop etishda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha Buxoro va Surxondaryo tajribasi e’tirof etildi.


Увеличить на0%