AOKAda fuqarolar murojaati va qoʻngʻiroqlari bilan ishlash samaradorligi oshmoqda

13.10.2021, 11:30

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalari, nashriyot-matbaa, axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish, davlat organlarining matbuotga ochiqligi, shuningdek, jurnalistlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari toʻgʻrisida maʼlumot olish bilan bogʻliq masalalarning hal etilishi boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqib, oʻz munosabatini bildirmoqda.

Soʻnggi uch oy mobaynida Agentlikka Prezident virtual qabulxonasi, 1213-qisqa raqami, rasmiy veb-sayti, elektron pochta va bevosita yozma ravishda kelib tushgan murojaatlar soni 800 dan ortiq boʻlib, ularning 100 ga yaqini tezkorlik bilan ijobiy hal etilgan, 700 dan ziyod murojaatga yechim topish maqsadida Agentlikning masʼullari tomonidan fuqarolar bilan oʻtkazilgan sayyor qabullarda vakolatlari doirasida huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Shu jumladan:

● Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan koʻrsatuvlar, seriallar hamda reklamadan noroziligi, murojaatini OAVda namoyishi yuzasidan — 185 ta;

● Kutubxona ochish, kutubxonaga aʼzo boʻlish va kutubxona faoliyati boʻyicha murojaatlar — 112 ta;

● Blogerlik faoliyatiga oid murojaatlar — 67 ta;

● Litsenziya olish boʻyicha — 84 ta;

● Matbuot xizmatlari faoliyatiga taaluqli — 7 ta;

● Minnatdorchilik — 3 ta;

● Agentlik vakolatiga kirmaydigan masalalar — 128 tani tashkil etdi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasidan, rasmiy veb-sayt va elektron pochta orqali kelib tushgan 600 ga yaqin murojaatda va 500 dan ortiq qoʻngʻiroqda turli xil masalalar koʻtarilgan. Kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi — 185 tasi televideniyeda efirga uzatilayotgan koʻrsatuvlar, seriallar va reklamalar mazmun-mohiyati hamda OAVlarda qaysidir muammolarni yoritish bilan bogʻliq boʻldi. Shuningdek, 112 ta murojaatda kitob chop etish, kutubxona ochish, lizensiya olish va boshqa masalalarda amaliy yordam soʻralgan. Bundan tashqari, 60 nafardan koʻproq yurtdoshimiz blogerlik, axborot xizmatlari faoliyati bilan bogʻliq murojaat yuborgan.

Shuningdek, murojaatlar orasida Agentlik vakolatiga kirmaydigan masalalar ham yoʻq emas. 100 dan ziyod masala — uy-joy, ishga joylashish, pensiya, tadbirkorlik bilan bogʻliq muammolar boʻyicha murojaat qilgan fuqarolarga Agentlik vakolati doirasida huquqiy tushuntirishlar berib borildi.

Misol uchun, Agentlikka kelib tushgan turli masalalar oʻrganilganda 2020-yilda “Oʻzbekiston” nashriyoti (eski nomi “Choʻlpon”) davlat unitar korxonasi tomonidan 7-9-sinflarning oʻzbek va rus tilidagi darsliklari (6 sonda) nashr qilingani, “Oʻzbekiston” nashriyoti tomonidan 2020-yil 16-dekabrga qadar muallif bilan “qoʻshimcha kelishuv” asosida, shu kunga qadar hisob-kitob qilinmagani bildirilgan. Murojaatni oʻrganish davomida haqiqatan ham murojaatchi va nashriyot oʻrtasida №151-1-raqamli qoʻshimcha kelishuv shartnomasi imzolangan boʻlib, ushbu shartnomaga asosan xizmat xaqi toʻliq toʻlanmagani aniqlandi va qolgan qismi 15 ish kunida toʻlab berilishi haqida nashriyotdan kafolat xati olindi.

Shuningdek, Agentlikka fuqaro tomonidan telekanallarda namoyish etilayotgan reklamalarning holati toʻgʻrisida shikoyat arizasi kelib tushgan. Oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, mazkur holat yuzasidan “Bolalarni ularni sogʻligiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasi talablariga zid kelishi yuzasidan “Zoʻr TV”, “Mening yurtim” va “Sevimli” telekanallari muassislariga Agentlik vakolati doirasida tegishil tavsiya xatlari yuborilgan.

Eslatib oʻtamiz, Agentlik har bir murojaatga alohida eʼtibor bilan yondashadi va unda koʻrsatilgan masalalarni oʻz vakolati doirasida qonuniy hal etish choralarini koʻradi.

Увеличить на0%