Istanbulda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo mamlakatlar vakillari ishtirokida media-forum boshlandi

22.10.2021, 16:40

Bugun Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo mamlakatlar vakillari ishtirokida “Ildizlari mushtarak tarix, kuchli kelajak” shiori ostida media-forum boshlandi. 


Forumda Ozarboyjon, Turkiya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Shimoliy Kipr va Vengriyadan 500 ga yaqin axborot sohasi rasmiylari, tilshunos olimlar, diplomatik korpus va davlat idoralarining yuqori martabali mutasaddilari, jurnalistlar, talabalar qatnashmoqda.


Ushbu tadbir Turkiy kengashning media sohasiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan ilk xalqaro anjumani boʻlib, uning ochilish marosimida Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Bagdat Amriyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Hikmat Xojiyev nutq soʻzladi.


Shuningdek, Turkiya Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Faxretdin Altun forumning ahamiyati, kutilayotgan natijalar haqida fikr bildirib, oʻzbek xalqini davlat tili kuni munosabati bilan tabrikladi.


24-oktabrga qadar davom etadigan forum doirasida turli jabhalardagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan dolzarb mavzular boʻyicha muloqot sessiyalari tashkil etiladi. Xususan, kinosanoati va OAV sohasini rivojlantirish, dezinformatsiya va yolgʻon axborotga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilinishi koʻzda tutilgan.


Forum ishtirokchilariga videomurojaat yoʻllagan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan turkiy dunyoda birdamlik, hamjihatlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlash muhimligini takʼidlab, mazkur forum bu borada tajriba almashish va imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun oʻziga xos platforma boʻlishini qayd etdi.


Forum ochilishidan soʻng Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan Raqamli koʻrgazmaning taqdimot marosimi oʻtkazildi.


Увеличить на0%