AOKAda YUNESKO vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

16.08.2022, 19:00

Bugun AOKAda Agentlik direktorining o‘rinbosari Gʻ.Bozorov va mutasaddi xodimlar hamda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sarax Noshadi, YUNESKOning Axborot va kommunikatsiyalar shoʻbasi rahbari Ya. Dyu Tua va mazkur shoʻba maslahatchisi M.Lukoshyunas ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida YUNESKO vakillariga mamlakatda olib  borilayotgan axborot siyosati, OAV erkinligi va davlat organlarining ochiqligini ta’minlashdagi islohotlar, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, shu jumladan, Agentlikning bu boradagi roli, amalga oshirayotgan ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.


Shuningdek, YUNESKOning Axborot va kommunikatsiyalar shoʻbasi va Agentlik o‘rtasida kelgusida sohani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida, shuningdek, joriy yilning 28-29 sentyabr kunlari Toshkent shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi: innovatsiyalar, inklyuzivlik va huquq» xalqaro konferensiyasining tashkiliy masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Xalqaro tadbirni yuqori saviyada tashkillashtirish hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, konferensiya haqidagi ma’lumotlarni olishda tezkorlikni ta’minlashda Agentlik tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi kelishildi.


Ma’lumot uchun: ushbu nufuzli tadbirni o‘tkazish rejasi 2020 yil Parij shahrida AOKA rahbariyati va YUNESKO direktori O.Azule bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kelishilgan. 

Xalqaro konferensiya O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ga hamda BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ga kiritilgan.

Увеличить на0%