Rasmiy bayonot

16.01.2024, 09:00

Nuz.uz internet sayti o‘z sahifasida muxbir xodimi Dovlatov Mixail jurnalistik tekshiruv olib borayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlanib, javobgarlikka tortilganligi yuzasidan xabar berdi va bu ijtimoiy tarmoqlarda keskin munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimiz qonunchiligida jurnalistlar huquqlari, axborot olish erkinligiga oid masalalar qator normalar bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81- va 82- moddalarida davlat OAV faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlashi, shuningdek, syenzuraga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilangan. 

Shuningdek,  “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi hamda “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Qonunlarida ham jurnalistning daxlsizligi, uning axborot to‘plash va tekshiruv o‘tkazish huquqlari va kafolatlari, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik batafsil tavsiflangan. 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mazkur holatga huquqiy baho berish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlardan munosabat bildirishlari, shuningdek, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi maqsadida aniq o‘rganish hamda tegishli xulosa va choralar ko‘rilishi bo‘yicha  O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga so‘rov xati yubordi. 

Ta’kidlash joizki, OAV vakillarining kasbiy faoliyati davomida tazyiq ko‘rsatish, to‘sqinlik qilish kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi davlat siyosatiga zid bo‘lib, Agentlik, o‘z navbatida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi.

Увеличить на0%