Agentlikda Call-markaz ishga tushdi

02.02.2021, 15:00

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda tizimdagi tashkilotlar faoliyati borasida murojaat, taklif yoki shikoyatlaringiz bormi?

«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 1213 raqamli Call-markaz yo‘lga qo‘yildi.

1213 raqamli Call-markazga qanday masalalarda qo‘ng‘iroq qilish mumkin?

— OAVning muayyan turi, xususiy nashriyot, poligrafiya xizmatlari faoliyatini lisenziyalash bo‘yicha;

— kontrafakt kanselyariya mahsulotlari yoki kitob va bosma nashrlar bo‘yicha;

— tizimdagi tashkilotlar faoliyati bo‘yicha;

— OAV, axborot xizmatlari, elektron va bosma matbuot, teleradiokompaniyalar faoliyati bo‘yicha;

— axborot olish erkinligi, jurnalistik faoliyat borasida hamda sohaga tegishli aniq va konkret masalalar yuzasidan jismoniy va yuridk shaxslarning murojaatlari qabul qilinadi.

1213 raqamli Call-markazga telefon orqali qoldirilgan murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida ko‘rib chiqiladi.

1213 raqamli Call-markazga qo‘ng‘iroq qilish qoidalari:

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda barcha telefon moslamalaridan qisqa 1213 raqamini terish orqali qo‘ng‘iroq qilinadi.

Qo‘ng‘iroq qilish va murojaat etishda O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga rioya etish lozim:

— Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar berilishi kerak.

— Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida davlat organining, tashkilotning aniq nomi ko‘rsatilgan, shuningdek murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Yodda tuting!

O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonuni 38-moddasiga asosan, Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, xuddi shuningdek tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 237-moddasiga asosan, yolg‘on bayon etilgan ma’lumot, ya’ni jinoyat to‘g‘risida bila turib yolg‘on xabar yetkazish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Увеличить на0%