AOKA hududiy boshqarmalari qoshida «Dialog-maydoncha»lari tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar faoliyatini demokratik tamoyillar asosida qo‘llab-quvvatlash, ularning axborot olish va tarqatish huquqlarining muhofazasini yanada kuchaytirish maqsadida AOKA hududiy boshqarmalari qoshida «Dialog-maydoncha»lari tashkil etildi. Hozirga qadar ushbu tuzilmaning ekspertlar guruhi tomonidan samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
2021 yil 1 fevral holatiga ko‘ra Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi «Dialog-maydoncha»lariga 15 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar boshqarmalar huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari tomonidan muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingan, zarur tushuntirish va tavsiyalar berilgan.
Xususan, Samarqand viloyatida «Payariq hayoti» gazetasi muharriri obuna tashkil etilgani va yetarli mablag‘ mavjudligiga qaramay, muxbirlarga o‘rtacha 840 ming so‘mdan maosh berib kelayotgani, oziq-ovqat, mukofot va qalam haqi uchun mablag‘ ajratmayotgani yuzasidan murojaat qilingan. Ushbu masala bo‘yicha «Dialog-maydoncha»da o‘tkazilgan muhokama jarayonida qatnashgan ekspertlar gazeta muharririning xatti-harakati vakolat vazifalariga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirib, tahririyatda ish samaradorligini oshirishda xodimlarning moddiy manfaatdorligi muhimligi, tahririyat mablag‘larini smetaga ko‘ra sarflash amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlashdi. Muharrir ikki hafta muddatda muxbirlarning oylik maoshlarini 25 foizga oshirishini aytib, bundan buyon reklama, e’lon va boshqa tijoriy materiallardan tushgan tushum, moliyaviy faoliyat bo‘yicha xodimlarga hisobot berib borilishini bildirdi.
Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida jurnalist tomonidan hududdagi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati o‘rganilayotgani, bu borada u qanday huquqlarga ega ekani yuzasidan murojaat kelib tushgan. «Dialog-maydoncha»dagi muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasining «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunining 3-moddasiga ko‘ra, jurnalist mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil qilish, tahrirlash, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxs ekanligi to‘g‘risida tushuntirish berildi.
Murojaatlar orasida mualliflik huquqining buzilishi bilan bog‘liq mavzular ham qayd etilgan. Jumladan, Sirdaryo viloyatida «Yangi hayot» gazetasi muharriri plagiatorlikda ayblangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgan. Mazkur masala murojaatchi va jurnalistlar ishtirokida ekspertlar guruhi tomonidan muhokama qilindi. Keltirib o‘tilgan dalillar bo‘yicha tomonlarga O‘zbekiston Respublikasining «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi qonuni bilan tanishib chiqish va unga amal qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Buxoro viloyatida faoliyat yurituvchi bloger axborot portaliga tushgan murojaatni hal qilishda ko‘maklashish va viloyat hokimi bilan uchrashuv tashkil etib berish bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan. Ekspertlar guruhi vakillari portalga yuborilgan murojaatda ko‘tarilgan masalani hal qilish yuzasidan viloyat prokurori bilan muloqot o‘tkazdi. Shuningdek, Shofirkon tumanidagi sayyor qabul vaqtida bloger va Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov uchrashuvi tashkil etildi.
«Dialog-maydoncha»da muhokama qilingan yana bir murojaatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi bankomatlarda aholi naqd pul ololmayotganiga oid videolavhalar tarqalishi aholi orasida noto‘g‘ri fikrlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Ekspertlar guruhi Markaziy bank viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari ushbu videolavhalar yuzasidan aholiga o‘z vaqtida axborot bermagani, holatga munosabat bildirmaganini tanqid qildi. Matbuot xizmati rahbariga OAV vakillari, jurnalist va blogerlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, sohaning nafaqat yutuqlari, balki muammoli vaziyatlar va ularning yechimi to‘g‘risida jamoatchilikka muntazam ma’lumot yetkazib borish kerakligi bo‘yicha tavsiyalar berildi.