Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi

18.03.2021, 16:57

2009 yilda YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Navro‘z bayrami xalqaro miqyosda keng nishonlanib kelmoqda.

Uch ming yildan ziyod tarixga ega bu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida yasharish va yangilanish, yaxshilik va bag‘rikenglik, doimo tabiat bilan uyg‘un yashash kabi o‘lmas g‘oyalar mujassam.

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida ham “Navro‘z — qadriyatlarimiz beshigi” mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Unda Agentlik xodimlari, tarixchilar, folklorshunoslar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

– Navro‘z milliy ma’naviyatimiz rivojidagi eng muhim shodiyonadir. Bu kunda yurtimizning har bir go‘shasida bahoriy taomlaru, turli milliy o‘yinlarga alohida urg‘u beriladi. Navro‘zi olamning nishonlanish tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlar qadimgi Xitoy solnomalarida ham uchraydi. Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Eron podshohi bo‘lgan Jamshid “yangi kun”ni Navro‘z deb atagani haqida yozadi, – deydi O‘zFAning O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, “Do‘stlik” ordeni soxibi Burobiya Radjabova.

Tadbirda buyuk shoir Alisher Navoiy ijodida ham Navro‘z alohida o‘rin tutgani, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma” asarlarida bu bayram tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar keltirilgani qayd etildi.

– Navro‘z shaklan xalqimizning tarixini, qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, mazmunan totuvlik va farovonlikni tarannum etuvchi, barcha millat va elatlar uchun birdek sevimli hamda sharq xalqlari bilan birga asrlar osha taraqqiy etib kelayotgan bayram, – dedi tarix fanlari doktori, Toshkent xalqaro islom akademiyasi dosenti Ilhom Bekmirzayev. – Navro‘z bahorning teng kunligi bo‘lib, quyoshning hamal burjiga kirishiga to‘g‘ri keladi. Uni bayram qilish dastlab o‘troq dehqonlarda rasm bo‘lgan, keyinchalik ular orqali yarim o‘troq va ko‘chmanchi turkiy xalqlarning ham urf-odatlariga aylangan. Navro‘z diniy bayram yoki marosim emas, albatta. Biroq bu uni nishonlamaslik kerak, degani ham emas.

Navro‘zning bugungi mazmun-mohiyati qadimgi e’tiqodiy unsurlardan holi bo‘lib, xalq marosimlari, milliy urf-odat va an’analarning tabiiy jarayonlar bilan uyg‘unligiga asoslanishi bilan ahamiyatlidir.

Увеличить на0%