RASMIY BAYОNOT

31.03.2021, 12:46

O‘zbekistonda inson huquqlari, so‘z  erkinligi, fikr yuritish va uni mustaqil ifodalash barqaror rivojlanib, jamiyatda kun sayin fikrlar, qarashlar xilma-xilligi o‘zgarib bormoqda. 

Siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa muhim yo‘nalishlardagi turli savollar, shu jumladan nozik masalalar ham jamiyat ishtirokida ochiq-oshkora muhokama qilinmoqda.

So‘nggi kunlarda internet tarmog‘idagi axborot maydonida aholisining qariyb 94 foizi musulmon bo‘lgan O‘zbekistonda LGBT g‘oyalarini targ‘ib qilayotgan Miraziz Bazarovning noqonuniy chaqiruvlari oqibatida jamoatchilik, xususan boshqa bloger va internet foydalanuvchilari tomonidan keskin e’tirozlar, tahdidlar yuzaga kelmoqda.

Agentlik mazkur holatlarni avvaldan tartibga solish maqsadida Facebook va Telegram axborot resurslarida 200 dan ziyod o‘ldirish, zo‘ravonlik ishlatish tahdidlari yozilgan postlar hamda izohlar mavjud bo‘lgan 54 ta veb-saytlar, veb-sahifalar ma’murlari, blogerlarga LGBT va boshqa shu kabi nomaqbul oqimlar faoliyatini bilib-bilmasdan targ‘ib qilish, noqonuniy ko‘cha yurishlariga chorlashni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy xabarnomalar yubordi.

Bundan tashqari, M.Bazarovning xatti-harakatlari yuzasidan huquqiy baho beruvchi Axborot va kommunikasiyalar sohasidagi ekspert komissiyasining alohida xulosasi tayyorlandi. 

Shuningdek, jamiyat hamda internet faollari, ayrim bloger va jurnalistlarning holat yuzasidan bildirgan pozisiyalari bo‘yicha xulosalar shakllantirilmoqda.

Mazkur xulosalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilikka zid holatlarni bartaraf etish yuzasidan choralar qo‘llashda foydalanish uchun yuboriladi.

Agentlik barcha blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar faollaridan jamiyat orasida adovat qo‘zg‘atuvchi, turli xil nopok g‘oyalarni ilgari suradigan material va postlarni tarqatishdan tiyilishni so‘raydi. 

Zero, internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolar orasiga nizo solish, zo‘ravonlikka chaqirish, g‘azabga keltirish va tartibsizliklarni uyushtirish bilan shug‘ullanib, g‘ayriqonuniy harakatlarni sodir etganlar belgilangan tartibda jazoga tortiladi.

Увеличить на0%