RASMIY BAYONOT

08.04.2021, 19:00

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Qorako‘lchilik” uyushmasi boshqaruv raisining matbuot kotibi Dilshod Istamovning Effect.uz sayti xodimi A’zam Xo‘jaqulov bilan telefon orqali muloqotining audio yozuvi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Agentlik bo‘lib o‘tgan muloqotda matbuot kotibi o‘zini noprofessional hamda etika me’yorlariga zid tutgan, deya baholaydi. Shu bilan birga, matbuot kotibi tomonidan AOKA to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot berilganini ma’lum qiladi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi PQ-4366-son Qarorida ommaviy axborot vositalarining faoliyati uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga islohotlarning maqsadi, vazifalari va natijalari haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini oshirish davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlarining asosiy vazifasi etib belgilangan.

“Qorako‘lchilik” uyushmasi boshqaruv raisining matbuot kotibi Dilshod Istamov Effect.uz sayti xodimini haqorat qilganligi bu juda achinarli holat bo‘lib, haqorat qilganlik uchun qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda jazo belgilanganini unutmaslik kerak.

Ta’kidlash joizki, AOKA uchun matbuot kotiblari faoliyatini muvofiqlashtirish jarayonida axborot xizmatlarining OAV va blogerlarga ochiqligini ta’minlash, ular orasida konstruktiv muloqotni tashkil etish masalalari bosh mezon hisoblanadi.

Shu o‘rinda tashkilot va idoralarning matbuot kotiblariga OAV, xususan, Effect.uz sayti xodimlariga qaysidir masalada izoh bermaslik borasida og‘zaki yoki yozma ravishda ko‘rsatma berilmaganini ma’lum qilamiz. 

AOKA barcha darajadagi matbuot kotiblari jurnalist va blogerlar bilan muntazam ravishda yaqin hamkorlik asosida faoliyat ko‘rsatishi tarafdori.

Qayd etish joizki, mazkur holatda Effect.uz sayti muxbiri ham qonun talabiga rioya etmagan. 

Xususan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun (6-modda)ga muvofiq, jurnalist o‘z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas. 

Agentlik, o‘z o‘rnida, barcha axborot xizmati vakillarini OAV hamda jamoatchilik bilan muntazam muloqot asosida shaffof ishlashga, jurnalist va blogerlarni esa sohaga oid qonunchilikka muvofiq faoliyat ko‘rsatishga chaqiradi. Matbuot kotiblari hamda OAV va blogerlar o‘rtasidagi hamkorlik esa mavjud muammolarni konstruktiv hal etish, jamoatchilikka muhim masalalarning o‘z vaqtida va xolis yetkazilishiga xizmat qiladi.

Увеличить на0%