Bokuda Turkiy Kengash doirasidagi axborot va media sohasida yig‘ilish o‘tkazildi

10.04.2021, 17:31

Xabar berilganidek, shu kunlarda Ozarbayjonning Boku va Agdam shaharlarida Turkiy Kengash doirasidagi axborot va media sohasida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda. Unda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev rahbarligida O‘zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etyapti. 

Yig‘ilishni Turkiy Kengash bosh kotibi Bagdad Amreyev ochib berdi.

Bugungi muhokamalarda Kengashga a’zo mamlakatlarning ommaviy axborot vositalariga ma’sul bo‘lgan vazir va yuqori mansabdor shaxslari ishtirok etdi. Xususan, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Vengriya mamlakatlari vakillari axborot va media sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Yig‘ilishda Turkiy Kengashga a’zo mamlakatlar o‘rtasida axborot sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ommaviy axborot vositalarining o‘zaro tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratish, hamkorlikda badiiy filmlar, seriallar, turkiy davlatlar tarixi hamda madaniyati haqida hujjatli filmlar yaratish kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, Xalqaro turkiy yangiliklar telekanali ochish bo‘yicha taklif bildirildi.

Yig‘ilishda AOKA direktori A. Xodjayev o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. U o‘z nutqida O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Kengashga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida qator takliflarini bildirdi.

Turkiy Kengash doirasidagi axborot va media sohasida yig‘ilish ertaga yakunlanadi.


Увеличить на0%