Xizmat guvohnomasiga AOKA yozuvini kiritgan veb-sayt rahbariyati rasman ogohlantirildi

28.04.2021, 15:05

Bir qancha vaqt muqaddam Buxoro va Andijon viloyatlarida soxta guvohnoma bilan o‘zlarini Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimi sifatida tanishtirib, ta’magirlik qilgan shaxslar aniqlangani haqida ma’lum qilingan edi.

Agentlik nomidan noqonuniy foydalanganlik bilan bog‘liq yana bir holat aniqlandi.

Taftish.uz veb-sayti muxbirlari N. A. hamda H. S. faoliyatlari davomida davlat bayrog‘i foniga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Taftish.uz axborot agentligi” yozuvlari kiritilgan №003 va №007 sonli guvohnomalardan foydalanishgan.

2021 yil 21 aprel kuni veb-sayt bosh muharriri Gʻ. A. Agentlikka taklif qilindi va ushbu holat yuzasidan suhbat o‘tkazildi.

Gʻ.A. suhbat davomida Taftish.uz veb-sayti muxbirlariga guvohnomani shaxsan o‘zi berganligi, ushbu shakldagi guvohnomalarni tayyorlash va rasmiylashtirish jarayonida hech qanday g‘arazli maqsad ko‘zlamagani, xususan Agentlik nomi va davlat bayrog‘ini guvohnomada aks ettirish qonunga zid va javobgarlikka olib kelishi mumkin ekanidan bexabar ekani hamda bu ishidan pushaymonligini  ta’kidlab o‘tdi.

Agentlik xodimlari tomonidan Gʻ.A. xizmat guvohnomalarini tayyorlashda davlat ramzlari fonida o‘zi foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan soxta (noto‘g‘ri) ma’lumotlar kiritish, uning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish amaldagi qonunchilik talablariga zid ekani tushuntirilib, bu kabi harakatlar jinoiy javobgarlikka tortilishiga asos bo‘lishi mumkinligi haqida rasman ogohlantirildi. 

Veb-sayt bosh muharriri xodimlarga berilgan guvohnomalar qisqa muddat ichida yo‘q qilinishini bildirdi. 

O‘z o‘rnida, Agentlik yana bir bor, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan OAV hamda blogerlarni davlat ramzlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, hujjatlarni soxtalashtirishdan yiroq bo‘lishga chaqiradi. 

Shuningdek, yuqoridagi kabi holatlarga duch kelganda  AOKA ishonch telefon raqami ((71) 244-23-34) yoki 1213 qisqa raqamli Call-markazga murojaat qilishingiz mumkin.

Увеличить на0%