«O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida» nomli kitob-albomi nashr etildi

08.05.2021, 10:35

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan “O‘zbekiston” nashriyotida “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” nomli kitob-albomi nashr etildi.

7 may kuni “G‘alaba bog‘i” memorial majmuasida kitob-albomning taqdimotiga bag‘ishlab tadbir tashkil etildi. Unda nufuzli tashkilotlarning mutasaddi rahbarlari, harbiylar va keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.



Ta’kidlash kerakki, Prezidentimizning 2021 yil 20 apreldagi “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi”da xalqimizning Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, unga doir yangi hujjatlar bilan xalqimizni tanishtirish vazifasi belgilangan edi.

“O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz bilan hamkorlikda chop etilgan mazkur kitob-albomi yuqoridagi vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Kitob-albom O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning G‘alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori, “G‘alaba bog‘i – Xotira va qadr maskani”, “Matonat madhiyasi” monumenti – ona Vatan ramzi”, “Mangu jasorat” monumenti”, “Shon-sharaf” davlat muzeyi”, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasidagi ilmiy-ma’rifiy va ommaviy-madaniy tadbirlar”, “Minnatdorlik tuyg‘ulari”, “Xalqaro e’tirof”, “Xalqimizning jasorati va matonati haqida hikoya qiluvchi yangi asarlar”, “Ikkinchi jahon urushi va O‘zbekiston: yangi tadqiqotlar va izlanishlar ob’ekti”, “Mangu jasorat namunalari”, “Yangi arxiv hujjatlari”, “Front gazetalari”, “Askar xatlari”, “Mehr-saxovat va chin insoniylik namunasi”, “Unutmas sizlarni Vatan”, “Xalq jasoratiga ehtirom”, “Ajdodlar jasorati – tinchlik va taraqqiyotimizning mustahkam zamini” kabi bo‘limlardan tarkib topgan.

Taqdimot marosimida O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz bo‘lim mudiri, mazkur kitob-albomning tuzuvchi mualliflaridan, tarix fanlari doktori, professor Mirzohid Rahimov “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan chop etilgan “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” kitob-albomining tayyorlanish jarayonlari va uning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.


Shuningdek, Agentlik mas’ul xodimi Muhiddin Omonov, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Yusupov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Alinazar Egamnazarov, “O‘zbekkino” milliy agentligi direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Nodir Jonuzoq hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov va boshqalar yurtimizda so‘nggi yillarda Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq oid tarixiy hujjatlarga yangicha nazar bilan qaralayotganini ta’kidlashdi.



Увеличить на0%