AOKAga Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuro delegatsiyasi tashrif buyurdi

26.05.2021, 15:40

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori va mutasaddi xodimlari YeXHT DIIHB delegaysiyasi vakillarini qabul qilishdi. Delegatsiya bilan uchrashuvda mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.


AOKA direktori Asadjon Xodjayev mehmonlarga so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash sohasidagi islohotlar to‘g‘risida so‘zladi. Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida barcha davlat organlari va idoralari bilan hamkorlikda har kuni bir nechta matbuot anjumanlari, brifinglar, vazirlik va idora rahbarlari hamda mutasaddilari bilan intervyular tashkillashtirilishi, tadbirlar OAV, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tezkorlik bilan onlayn rejimda yoritilishini ham aytib o‘tdi.

A. Xodjayev ta’kidlashicha, parallel ravishda rasmiy mulohazalarni chop etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, media maydonda tarqatilgan har bir axborotga sharh va izohlar  taqdim qilinmoqda. AOKA va davlat organlari matbuot kotiblari bilan hamkorlikda fuqarolarning murojaatlariga tezkorlik bilan javob qaytarilmoqda. Shu maqsadda Agentlikda qisqa raqamli 1213  koll-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.


Agentlik direktori delegatsiya vakillariga O‘zbekistonda qonunchilik darajasida Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutuvchi modda bekor qilingani va boshqa liberallashtirish jarayonlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, OAV ro‘yxatga olish mexanizmi yengillashtirilganini ham qo‘shimcha qildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston dunyoning barcha rivojlanayotgan davlatlari kabi bir necha yillardan buyon dolzarbligini yo‘qotmayotgan axborot sohasidagi ayrim muammolarga duch kelmoqda. Jumladan, yolg‘on (feyk) axborotlar sonining ortib borayotgani, Internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda kiberbullinglar yuzaga kelayotgani va hokazo.


Bugungi kunda O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar, shu jumladan YeXHTning tajribasini hisobga olgan holda demokratik tamoyillar asosida yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishni maqsad qilgan.

Uchrashuv davomida tomonlar mutaxassislar tajribasini almashish, YeXHT ga a’zo davlatlarning tegishli huquqiy normalarini o‘rganish borasida hamkorlikni kengaytirishga kelishishdi. 

YeXHT DIIHB, o‘z navbatida, OAV faoliyatini rivojlantirish, davlat organlari ochiqligi hamda axborot olish erkinligini ta’minlash, shuningdek, davriy seminar-treninglar tashkillashtirish orqali jurnalistlarning kasbiy bilim va tajribalarini oshirishga yo‘naltirilgan qonunchilik loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha yuridik xulosa taqdim etishda yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.



Увеличить на0%