O‘zbekiston OAV rahbarlari va YeXHT maslahatchilari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi

26.05.2021, 17:15

Bugun Toshkentdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari rahbarlari hamda YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda saylov qonunchiligini takomillashtirish, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining faol ishtirokini ta’minlash, saylovlarni xolis va haqqoniy yoritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.



Tadbirda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi katta maslahatchisi Aleksey Gromov hamda byuroning saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Martina Barker-Sigannikova saylovlarda OAVning o‘rni, jurnalistlarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bayon qildilar.



Shuningdek, uchrashuvda so‘z olgan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi Alisher Xadjayev, O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev va boshqalar mamlakatimizda saylovlarni yoritish bo‘yicha to‘plangan tajribalar, jurnalistlar malakasini oshirish, partiya xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdilar.



Uchrashuv so‘nggida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Увеличить на0%