AOKAda fuqaro muhofazasiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi

28.05.2021, 20:05

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida fuqaro muhofazasiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari hamda agentlik mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirok etgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti professori To‘ychi To‘ragalov favqulodda holatlarning oldini olish hamda uni bartaraf etish choralari haqida so‘zlab berdi.



Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhokama qilishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. Xususan, 2019 yilning 20 aprelida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari, ishchi va xizmatchilarni favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, fuqaro muhofazasi bo‘yicha bilimlarini izchil oshirib borish va ko‘nikmalarini hosil qilish — aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlashning asosiy vazifalaridan hisoblanadi, — dedi T. To‘ragalov. — Shu bois bu borada tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borish muhim ahamiyatga ega. Barcha inson favqulodda holatlar yuzaga kelmasligi uchun nimalar qilishi kerakligi yoki uni bartaraf etish bo‘yicha birlamchi ma’lumotga ega bo‘lsa, turli kutilmagan, ko‘ngilsiz holatlarning oldi olinadi.



Tadbirda Agentlikda fuqaro muhofazasini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Увеличить на0%