Asadjon Xodjayev Surxondaryo viloyatidagi OAV, axborot xizmatlari, nashriyot va kutubxonalar faoliyati bilan tanishdi

04.06.2021, 09:27

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev va mas’ul xodimlar xizmat safari bilan Surxondaryo viloyatiga keldi. Agentlik mutasaddilari safarning birinchi kunida rejalashtirilgan tadbirlar doirasida qator uchrashuvlarni o‘tkazdi.

****
Mahalliy davlat hokimiyati organlari, viloyat tashkilotlari va idoralari axborot xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuvda AOKA direktori media makondagi muammoli vaziyatlarga to‘g‘ri yechim topishda ob’ektiv va kasbiy etika nuqtai nazaridan yondashish zarurligini alohida ta’kidladi.



Agentlik tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, idora va tashkilotlar axborot xizmatlari faoliyati baholab boriladi. Uchrashuvda mazkur reytinglarda past o‘rinlarni egallagan axborot xizmatlari faoliyati tanqid qilindi, hududiy media-rejalarning o‘z vaqtida, samarali ijro etilishi lozimligi qayd etildi.

«Tashkilotingizning faoliyati to‘g‘risida ko‘proq axborot berish, yangicha usul va kommunikatsiyalardan foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lish lozim. OAV va mustaqil jurnalistlar bilan ko‘proq ishlang, ularga yaqin bo‘ling», dedi Agentlik direktori.

****
AOKA rahbari kun davomida surxondaryolik jurnalistlar bilan ham uchrashdi. Unda bugungi kunda mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi.

Bugungi kunda viloyatda 40 dan ziyod OAV faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, ular orasida internet nashrlari soni atigi to‘rtta. Bu esa viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir axborotlarni aholiga o‘z vaqtida yetkazish imkoniyatini cheklaydi. Bosma nashrlarda e’lon qilinayotgan materiallar esa ular chop etilgunga qadar eskirib qolyapti.



«Axborot tarqatish tezligi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar bilan raqobatlashish qiyin. Shu bois bunday holatda faqatgina chuqur tahliliy materiallar orqaligina o‘quvchi e’tiborini qozonish mumkin, — deya ta’kidladi A.Xodjayev. — E’lon qilinayotgan materiallar sifati yuqori bo‘lsa, nashr o‘quvchilari safi ham kengayadi».

****
AOKA rahbari Surxondaryo viloyatiga xizmat safari davomida viloyatdagi nashriyot-matbaa korxonalari rahbarlari bilan uchrashdi va nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyatini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.

Agentlik direktori A.Xodjayev matbaa mahsulotlarining sifati, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash, bu borada Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.



Uchrashuvda chop etilayotgan kitoblarni ilg‘or texnologiyalar bilan boyitish kerakligi ta’kidlandi. «Har bir kitobning QR kodi, mobil qurilmalar yordamida o‘qish mumkin bo‘lgan 3D ko‘rinishlari bo‘lsa, undan nusxa ko‘chirish imkoniyati ham bo‘lmaydi. Shu bois nashriyotlarimiz ham zamonga, uning talablariga moslashishi zarur», — deya ta’kidladi Asadjon Xodjayev.

****
Asadjon Xodjayev Surxondaryo viloyati axborot-kutubxona markazi faoliyati bilan tanishdi va undagi kitob fondlarini ko‘zdan kechirdi. Agentlik rahbari surxondaryolik bilimga, adabiyotga chanqoq yoshlar uchun viloyat kutubxonasining fondini yanada boyitish zarurligini ta’kidladi.

«Kutubxona — insonning kamolotga erishishida eng muhim vositalardan biri. Bu yerda badiiy, ilmiy, publitsistik asarlar qancha ko‘p bo‘lsa, mahalliy aholi va, ayniqsa, yoshlar uchun shuncha foydali bo‘ladi», — dedi A.Xodjayev.

Kutubxona xodimlari bilan uchrashuvda uning faoliyatini rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llari haqida fikr almashildi. Kerakli tavsiya va takliflar berilib, Agentlik bu borada hamisha qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi qayd etildi.

Увеличить на0%