Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutasaddilari Jizzax viloyatida xizmat safarida bo‘lishdi.

05.06.2021, 21:05

AOKA direktori Asadjon Xodjayev va viloyat hokimi Ergash Saliyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatda axborot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, hududda faoliyat ko‘rsatayotgan OAV hamda blogerlarni qo‘llab-quvvatlash, bosma va elektron nashrlar oldida turgan muammolarni hal etishga ko‘maklashish, axborot xizmatlari faoliyatini takomillashtirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. 


Uchrashuvda viloyat hokimi E. Saliyev viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar OAVda keng va xolis yoritilayotgani, bunda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining o‘rni katta bo‘layotganini ta’kidladi. 

Shuningdek, AOKA rahbari hindistonlik mutaxassislar ko‘magida faoliyat ko‘rsatayotgan IT-park faoliyati bilan tanishdi.


Mahalliy davlat hokimiyati organlari, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot va idoralarning axborot xizmatlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuv media makondagi eng muhim masalalarga bag‘ishlandi. 

Uchrashuvda OAV va blogerlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, o‘z tashkilotining ochiqligini ta’minlash, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha munosabat bildirish, zamonaviy RR-texnologiyalarni puxta egallash — axborot xizmatlarining eng asosiy vazifalaridan ekani qayd etildi. 


Ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuv samimiy va do‘stona muloqot shaklida o‘tdi. OAV xodimlari mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini o‘z faoliyatlarida guvohi bo‘layotganini alohida ta’kidladilar. 

Uchrashuvda ochiqlikni ta’minlash, hududlarda axborot olish va uni erkin tarqatish bo‘yicha mavjud muammolarni hal etish borasida fikr almashildi.


Viloyatdagi nashriyot-matbaa korxonalari rahbarlari bilan uchrashuvda esa chop etilayotgan mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratildi. Kontrafakt mahsulotlari bolalarning sog‘ligiga ham, bilim olishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Shu bois zamonaviy texnologiyalar yordamida kontrafaktning oldini olish va kitobxonlar sonini oshirish lozimligi qayd etildi.


Jizzaxlik blogerlar bilan uchrashuvda ijtimoiy tarmoqlar hamda mobil messenjerlarda e’lon qilinayotgan axborotlar islohotlar samarasini oshirishga, jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qilayotgani e’tirof etildi. 

«So‘z erkinligi – bu, avvalo, mas’uliyat. Tanqidiy fikr bahonasida aniq faktlarga asoslanmagan, turli yo‘llar bilan jamiyatda faqat salbiy fikrni uyg‘otadigan, aholini davlat siyosatiga qarshi yo‘naltiradigan materiallar e’lon qilish holatlari blogosferaning obro‘siga faqat putur yetkazadi. Shu bois xolis va haqqoniy ishlagan bloger jamiyatda o‘z o‘rni va hurmatiga sazovor bo‘ladi», — deya ta’kidladi Asadjon Xodjayev. 


AOKA direktori, shuningdek, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan axborot-kutubxonalar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Kitobxonlarga sharoit yaratish, kitob fondlarini boyitish hamda kitob o‘quvchilari safini ko‘paytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. 

Uchrashuvlarda barcha masalalar bo‘yicha takliflar bildirildi. Ularning yechimi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Увеличить на0%