AOKA direktori Asadjon Xodjayev Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan blogerlar bilan uchrashdi

09.06.2021, 20:19

Uchrashuvda hozirgi ochiqlik siyosati jamoatchilik bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning murojaatlari, muammolari, takliflarini o‘z vaqtida yoritishni talab qilishi va bunda blogerlar muhim rol o‘ynayotgani ta’kidlandi.

Agentlik rahbari blogerlar dolzarb masalalarni yoritishda o‘tkir qalam, tanqidiy nuqtai nazar, xolislik bilan yondashishga harakat qilayotganini e’tirof etib, ushbu jarayonda axborot ishonchliligi ta’minlanishiga asoslangan milliy qonunchilik me’yorlari va kasbiy etikaga amal qilish ham katta ahamiyatga ega ekanini aytdi.

«Axborot makonida to‘g‘ri faoliyat yuritish bugun har qachongidan ko‘ra murakkabdir. Chunki zamonaviy kommunikatsiyalar vositasida axborot hajmi ortdi, axborotni uzatish tezlashdi. Bugun blogerlar, jurnalistlar va davlat idoralarining axborot xizmatlari o‘zaro hamjihatlikda, hamkorlikda ishlasa, turli noxolis axborotlarga yo‘l ochib berilmaydi», — dedi Asadjon Xodjayev.

Agentlik direktori kun davomida Kogon tumani «Taraqqiyot» mahallasidagi axborot-kutubxona markazi faoliyati bilan ham tanishib, kitobxonlarga sharoit yaratish, kitob fondlarini boyitish, mutolaani ommalashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. Shu bilan AOKA rahbariyati va mas’ul mutasaddilarining Buxoro viloyatiga xizmat safari yakuniga yetdi.


Увеличить на0%