AOKA direktorining Andijon viloyatiga xizmat safari boshlandi

11.06.2021, 20:00
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar direktori Asadjon Xodjayev Andijonda OAV vakillari hamda nashriyot va matbaa korxonalari rahbarlari bilan uchrashdi. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda davriy bosma nashrlarning saviyasi va sifatiga alohida e’tibor qaratish, internetda veb-saytlarini tashkil qilish, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarini ochish orqali auditoriyaning qiziqishini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Shundan so‘ng Agentlik direktori viloyatda faoliyat yuritayotgan blogerlar bilan ham uchrashdi. Muloqot davomida kuchli fuqarolik jamiyati shakllanishida so‘z erkinligi namunasi sifatida blogosfera o‘ziga xos o‘rin tutishi, blogerlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar hal etilishida davlat idoralarining axborot xizmatlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish katta ahamiyatga ega ekani qayd etildi.


Kun davomida AOKA mas’ul mutasaddilari Andijon shahridagi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan «Exclusive Grand Print» MChJ bosmaxonasini borib ko‘rdi. Hozirda 3000 ga yaqin tadbirkorga mahsulot yetkazib berayotgan ushbu muassasada marketingni rivojlantirish, yangi buyurtmalarni qabul qilib ustida ishlash va xalqimiz ehtiyojiga qarab sifatli matbaa mahsulotlarini chop etish yuzasidan fikr almashildi.


Agentlik rahbariyatining Andijon viloyatiga xizmat safari davom etmoqda.










Увеличить на0%