Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan AOKAda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

02.07.2021, 18:18

Bugun O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan AOKAda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Agentlik direktorining maslahatchisi Faxriddin Karimov va mas’ul xodimlar ishtirok etdi.

Tadbirda bundan 29 yil muqaddam — 1992-yil 2-iyul kuni Oliy Kengash X sessiyasida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonunning mazmun-mohiyati, bugungi kundagi ahamiyati, gerb loyihasi o‘z vaqtida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgani, undagi har bir rang, chiziq, belgining ma’nosi haqida fikr almashildi.


Muloqot davomida davlat ramzlari, xususan, gerbimiz xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlari, ma’naviy-madaniy merosi, shon-sharafi, or-nomusi, g‘ururi, tarixiy xotirasi hamda orzu-intilishlarini ifoda etishi ta’kidlandi. Ularni e’zozlash, asrab-avaylash va hurmat qilish fuqarolarning madaniyatini ko‘rsatishi qayd etildi.

O‘z qadrini anglagan xalq milliy timsollarini ham e’zozlaydi. Shu ma’noda davlat ramzlari haqida bilim va tasavvurlarimizning naqadar teranligi maqsadlarimiz sari intilishimizda ruhlantiruvchi manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.


Увеличить на0%