AOKA direktori Asadjon Xodjayev qoraqalpog‘istonlik matbuot kotiblari, jurnalistlar va noshirlar bilan uchrashdi

02.07.2021, 19:50

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev Qoraqalpog‘iston Respublikasida mehnat qilayotgan matbuot kotiblari, jurnalistlar hamda noshirlar bilan uchrashdi. Muhim vazifalar ijrosi muhokama qilindi, mavjud muammolarni hal etish choralari haqida fikr almashildi.



Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilot va idoralarning axborot xizmatlari rahbarlari bilan tanqidiy ruhda o‘tgan uchrashuvda matbuot kotiblarining OAV hamda blogerlar bilan o‘zaro hamkorligi, e’lon qilingan tanqidiy yoki yolg‘on axborotlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar bilan samarali ishlash kabi masalalar muhokama qilindi.

AOKA rahbari tashkilotlar veb-saytlari bilan jiddiy shug‘ullanmayotgan matbuot kotiblarini tanqid ostiga oldi.

— Rasmiy axborotlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalardan tashqari tashkilot veb-saytiga ham joylashtirilishi shart, — dedi Asadjon Xodjayev. — Chunki ijtimoiy tarmoqlar sizniki emas — sizning sahifangizni o‘chirib yuborishlari mumkin, saytning egasi esa o‘zingizsiz. Shu bois bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilishi lozim. Bundan tashqari, OAV hamda blogerlar yaqindan hamkorlik qilish, materiallar tayyorlashda video, audio hamda infografikalardan keng foydalanish — davr talabi. Matnda berish qiyin bo‘lgan ma’lumotlarni bitta infografika orqali uzatish mumkin. Axborot xizmatlari endi eskicha uslubda ishlashdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatidan foydalanishlari lozim.



Suhbat davomida matbuot kotiblari oldida turgan boshqa eng dolzarb muammolar muhokama qilindi. Ularning yechimlari bo‘yicha fikr almashildi.

Ommaviy axborot vositalari hamda nashriyot-matbaa korxonalari bilan uchrashuv ham qator og‘riqli muammolarga bag‘ishlandi.



Boshqa hududlar kabi qaraqolpog‘istonlik jurnalistlar ham moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechiryapti. Asadjon Xodjayev bu borada tahririyatlar zamonaviy marketingni yo‘lga qo‘yish, yetkazib berish tizimini takomillashtirish, turli grantlar ajratish, matbuot do‘konlari faoliyatini rivojlantirish orqali bosma nashrlardagi ahvolni yaxshilash mumkinligini ta’kidladi.



«Biz turli yo‘llar orqali gazeta va jurnallarni asrab qolishga harakat qilyapmiz. Eng asosiy masalalarning biri — ularning obro‘sini, jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash. Afsuski, so‘nggi paytlarda qaysidir ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan materialga munosabat bildirilib, bosma nashrlar e’tibordan chetda qolmoqda. Bu borada matbuot kotiblari bilan uchrashuvda alohida topshiriqlar berildi. Bosma nashrlar e’lon qilgan tanqidiy maqolalar endi javobsiz qolmasligi alohida nazoratga olinadi», — dedi AOKA direktori.



Uchrashuvda matbaa mahsulotlari bilan bog‘liq muammolar ham tilga olindi. Agentlik rahbari kitob tannarxini kamaytirish uchun sifatsiz qog‘ozlarda chop etilayotgani, daftar mahsulotlari ham talab darajasida emasligini tanqid qildi.


Увеличить на0%