AOKA direktori Asadjon Xodjayev Navoiyda soha vakillari bilan uchrashdi

09.07.2021, 21:30

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev xizmat safari bilan Navoiy viloyatida bo‘ldi. AOKA rahbari safar davomida axborot sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar bilan uchrashdi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari, viloyat tashkilotlari va idoralari axborot xizmatlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan ishchi yig‘ilishda sohaning muhim masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, navoiylik matbuot kotiblarining barchasi ham talab darajasida ishlayotgani yo‘q. Xususan, 2021 yil birinchi yarim yil yakuni bo‘yicha Navoiy viloyatida 11 ta tuman va shahar hokimligi matbuot kotibidan atigi bittasining faoliyatiga yuqori baho qo‘yilgan. Joriy yilning ikkinchi choragi uchun tasdiqlangan media tadbirlarning 20 foizi o‘tkazilmagan.

«Amalga oshirilayotgan islohotlarning asl mazmun-mohiyatini joylarda aholiga yetkazishda muammolar mavjud, — dedi Asadjon Xodjayev. — To‘g‘ri, buning ob’ektiv-sub’ektiv sabablari bor, lekin biz odamlarning savollariga o‘z vaqtida munosib javob bermasak, axborot maydoni yolg‘on va feyk axborotlarga to‘lib ketadi. Bunda matbuot kotiblarining o‘rni katta. Axborot xizmatlari o‘z materialini kengroq yoritish uchun OAV, blogerlar bilan yaqin hamkorlik qilishi, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatidan samarali foydalanishi lozim».

Yig‘ilishda, shuningdek, media-rejalarning o‘z vaqtida bajarilishi, veb-saytlar hamda ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlashda yanada mas’uliyatli bo‘lish lozimligi qayd etildi.

Ommaviy axborot vositalari, nashriyot-matbaa korxonalari rahbarlari bilan uchrashuv ham sohaning muhim masalalariga bag‘ishlandi.

Uchrashuvda mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ommaviy axborot vositalari va nashriyot-matbaa korxonalarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar, mavjud muammolar, ularning yechimlari muhokama qilindi.

«Biz barcha hududlarda axborot sohasi vakillari bilan uchrashib, mavjud muammolar, ularning yechimlari haqida fikr almashyapmiz, — dedi AOKA direktori. — Maqsadimiz — ularni tahlil etib, OAVni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hujjatlar qabul qilinishiga erishish.

Bilamiz, ko‘p tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalarida, axborot olishda muammolar bor, ayrim rahbarlar jurnalistlardan o‘zlarini olib qochishadi. Lekin bu jarayon uzoq davom etmasligi kerak. Zero, mamlakat rahbari ochiqlik, so‘z erkinligi tarafdori ekani, bu borada ortga yo‘l yo‘q ekanini ta’kidlab kelmoqda. Biz bu g‘oyani amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz».

Uchrashuvda, shuningdek, sohaga axborot texnologiyalarini jalb etish, marketingni rivojlantirish, chop etilayotgan mahsulotlar va materiallar sifatini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Blogerlar bilan uchrashuvda axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish, blogerlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoit yaratish masalalari muhokama qilindi.

«Matbuot kotiblari bilan yaqin hamkorlik blogerlar faoliyatiga ham yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, — dedi Asadjon Xodjayev. — Chunki bu orqali birinchi bo‘lib rasmiy axborotni tarqatish imkoniga ega bo‘lasiz. Bu esa sizni kuzatayotgan obunachilarning safi kengayishi hamda ishonchi ortishiga sabab bo‘ladi. Yana bir masala: Axborot xizmatlari matbuot anjumani yoki brifing o‘tkazsa, uning ma’lumotini tezkorlik bilan yetkazishga qiynalishmoqda. Siz esa video hamda audiomateriallar orqali buni ta’minlashingiz mumkin. Biz bu bo‘yicha matbuot kotiblariga ham o‘z tavsiyalarimizni bildirdik. O‘zaro yaqin hamkorlik sohadagi ko‘plab muammolarning oldini oladi».

Uchrashuv davomida blogosferani yanada rivojlantirish, sifatli va foydali kontentlar soni hamda salmog‘ini oshirish choralari muhokama qilindi. Takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi.

Увеличить на0%