Toshkentda YEXHTning Markaziy Osiyo 23-Media konferensiyasi boʻlib oʻtdi
Xabar berilganidek, Toshkentda 9-10-sentyabr kunlari YEXHTning Markaziy Osiyo 23-Media konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Bugun, konferensiyaning ikkinchi kunida qator muhim tadbirlar oʻtkazildi. “Markaziy Osiyo va Moʻgʻulistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi holatiga umumiy yondashuv” mavzusida tashkil etilgan sessiyada mintaqa boʻyicha axborot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, oʻz yechimini kutayotgan dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashildi, oʻzaro hamkorlik, tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Sessiyada qozogʻistonlik OAV huquqshunosi Gulmira Birjanova, Qirgʻiziston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti direktori Salqin Sarnogoyeva, tojikistonlik huquqshunos Suhrob Poʻlatov, Turkmaniston Inson huquqlari tashabbusi raisi Farid Tuxbatullin, “Oʻzbekistonda ommaviy axborot vositalari va jurnalistika sohasida huquqiy islohotlarning samaradorligi” loyihasi yuristi, jurnalistlar va blogerlar yuridik klinikasi yuridik maslahatchisi Madina Tursunova, Moʻgʻuliston Media kengashi mustaqil maslahatchisi Monkxchimeg Davaasharava va boshqa ekspertlar onlayn shaklda ishtirok etdi va mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Konferensiya soʻngida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev nutq soʻzladi.
“Ikki kun davomida axborot, mass-media sohasidagi eng dolzarb mavzularni muhokama qilyapmiz. Ushbu konferensiyada ishtirok etish biz uchun juda qiziqarli va muhim. Biz barcha maʼruzachilarni tinglab, tahlil etib, kerakli xulosalarga kelyapmiz. Bu — faoliyatimizni yanada kuchaytirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etib, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun alohida ahamiyatga ega.
Xalqaro ekspertlar, soha mutaxassislari, jurnalistlar bilan hamkorlikda qilishimiz kerak boʻlgan ishlarimiz koʻp. Xususan, axborot sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, OAVni rivojlantirish, maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash, axborot xizmatlari faoliyatini kuchaytirish kabi masalalarda birgalikda koʻplab loyihalarni amalga oshirishimiz lozim.
Biz bu kabi muloqotlar muntazam davom etishi tarafdorimiz. Xalqaro ekspertlar, OAV boʻyicha mutaxassislar, parlament vakillari tomonidan mavjud muammolarning muhokama qilinishi ularni hal etishda muhim rol oʻynaydi, deb hisoblayman”, — dedi Agentlik rahbari.
Shuningdek, anjuman yakunida Mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rahbari Komil Allamjonov hamda YEXHTning OAV erkinligi masalalari boʻyicha vakili Tereza Ribeyru ham oʻz maʼruzalari bilan qatnashdi.
Konferensiya dasturiga muvofiq, YEXHTning OAV erkinligi masalalari boʻyicha vakili Tereza Ribeyru bugun Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Shu tariqa, YEXHTning Markaziy Osiyo 23-Media konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.