Bokuda VII xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi oʻtkazilmoqda

06.10.2021, 18:00

Bugun, 6-oktabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida VII Boku xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi boshlandi.


Buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 880 yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan tadbirda ishtirok etayotgan turli mamlakatlardan 200ga yaqin nashriyot, matbaa korxonalari, kitob doʻkonlari hamda madaniy markazlar qatorida Oʻzbekiston noshirlari ham qatnashmoqda. 

Xususan, “Oʻzbekiston” NMIU, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot, “Nihol”, “Zamin nashr”, “Hilol nashr” kabi nashriyotlar tomonidan chop etilgan turli yoʻnalishdagi nashrlar koʻrgazma-yarmarkada namoyish etilmoqda.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — dunyo noshirlari bilan oʻzaro tajriba almashish, noshirlik-matbaa hamda kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda xalqaro noshirlik sohasining soʻnggi yutuqlari, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi va erishilgan natijalar bilan yaqindan tanishish. Bu orqali  Oʻzbekiston Prezidenti ilgari surgan beshta muhim tashabbusning toʻrtinchisi — kitobxonlikni rivojlantirish va ommalashtirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish koʻzda tutilmoqda.

Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi 10-oktabrga qadar davom etadi.

Увеличить на0%