Asadjon Xodjayevning “Ochiqlik va oshkoralik – adolatli saylovlarning muvaffaqiyatli va demokratik oʻtkazilishining kalitidir” mavzusidagi munozara-sessiyasidagi nutqi

22.10.2021, 19:30

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev Xalqaro media-xollda oʻtkazilgan “Ochiqlik va oshkoralik – adolatli saylovlarning muvaffaqiyatli va demokratik oʻtkazilishining kalitidir” mavzusidagi munozara-sessiyasida nutq soʻzladi. Quyidagi ushbu nutq manti bilan tanishishingiz mumkin:

Assalomu alaykum, hurmatli tadbir tashkilotchilari! 

Bugun "Ochiqlik va oshkoralik – adolatli saylovlarning muvaffaqiyatli va demokratik oʻtkazilishining kalitidir” mavzusi boʻyicha toʻxtaladigan boʻlsak, OAVning ishlashiga baho bermasdan, har qanday saylov ochiq va adolatli boʻlib oʻtdi, desak fikrimiz notoʻgʻri boʻladi. 

Har doim baho berganda, maʼlum bir etaplarga eʼtibor berish lozim. Agar oʻtgan Prezident saylovlariga eʼtibor beradigan boʻlsak, besh yil oldin respublikamizda 1,5 mingga yaqin OAV faoliyat koʻrsatib kelar edi. Bugun esa respublikadagi OAV soni 1,9 mingdan oshdi. 

Bu nimadan dalolat beradi? Avvalambor, axborot makonidagi boʻshliq toʻldirib borilyapti, davlat boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi maʼlumotlar tezkorlik, tahliliy materiallar asosida yoritish boʻyicha faoliyat kuchayganidan dalolat beradi. Bularning barchasi davlat organlarining ochiq boʻlishi, oʻz maʼlumotlarini xalqqa koʻproq yetkazishga boʻlgan harakatlarini oshirishga undayapti. Ikkinchidan, soʻnggi besh yil ichida OAV tomonidan tashlangan shaxdam qadamlarni koʻryapmiz, professionallik va tahliliy materiallar oshyapti. Buning asosida OAv davlat va jamiyat oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajarmoqda. 

Besh yil ichida axborot sohasi juda rivojlandi. Ayniqsa, internet va global kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish imkoniyatlari kengaydi. Besh yil oldin mamlakatimizda internet foydalanuvchilari 14,5 million boʻlgan boʻlsa, bugun kunda ularning soni 22 million nafardan oshdi. Demak, hozirgi kunda OAV bilan birga yangi media ham ommalashgan boʻlib, ularning samaradorligi natijasi oʻlaroq har bir shaxs oʻz fikrini erkin bildirish imkoniyati yaratilmoqda.

Oldimizda turgan yana bir masala — tarqalayotgan axborotlarning haqqoniyligini taʼminlash. Bu — davlat boshqaruv organlariga zimmasidagi muhim vazifalardan biri. Ular yanada ochiqroq boʻlishi kerak, tarqalayotgan axborotlarga tezkor munosabat bildirishi lozim. 2019-yilda qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, barcha davlat tashkilotlarida axborot xizmatlari tashkil etildi. Ularning asosiy vazifasi etib, tezkorlik hamda maʼlumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish ekani belgilab berildi.

Siyosiy partiyalar targʻibot-tashviqotlarini davlat va nodavlat OAVda, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjerlardan foydalangan holda amalga oshirishlari mumkin. Shu bilan birga nodavlat OAV va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanib, yangi imkoniyatlarni sinab koʻrishmoqda. 

Xulosa qilib aytganda, hozirga kunga kelib sohadagi qonunchilik asoslari muntazam takomillashtirib borilyapti, OAV xodimlari, jurnalistlar haq-huquqlarini kuchaytirish, ularga nisbatan bosimlarga qarshi turish boʻyicha ishlarni tizimlashtirish ishlari oldimizda vazifa boʻlib turibdi. Keyingi qadamlarimizda bugungi imkoniyatlarni mustahkamlab, axborot sohasi vakillari emin-erkin ishlashlari, islohotlar va jamiyatdagi oʻzgarishlarni tezkorlik va xolis yetkazib berishi uchun tegishli sharoit yaratishga harakat qilamiz.

Увеличить на0%