Agentlikda Ispaniyaning “Diario Arbat” internet nashri direktori bilan uchrashuv oʻtkazildi

25.10.2021, 13:00

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev Ispaniyaning “Diario Arbat” internet nashri direktori, Oʻzbek-ispan munosabatlarini rivojlantirish assotsiatsiyasi prezidenti Fernando Moragon bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda axborot sohasidagi oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. 


Janob Moragon Oʻzbekistonda oʻtkazilgan saylovlarning faol ishtirokchisi ekani, xususan, kecha boʻlib oʻtgan Prezident saylovi ham yuqori saviyada tashkil etilganini taʼkidladi.

— Men Oʻzbekistonga bir necha bor kelganman, soʻnggi bor 2019-yilgi parlament saylovlarida ishtirok etgan edim. Kecha ham koʻplab saylov uchastkalarini kuzatdim va mahalliy aholi Prezident saylovida koʻtarinki kayfiyatda ovoz berganiga guvoh boʻldim. 


Oʻzbekiston buyuk tarix, betakror madaniyat va ulkan salohiyatga ega mamlakat. Biroq oʻylashimcha, yurtingiz haqida dunyo matbuotida eʼlon qilinayotgan materiallar salmogʻi yetarli emas. Xususan, Ispaniya va Lotin Amerika aholisi uchun Oʻzbekiston haqidagi materiallar juda qiziqarli boʻladi. Shu bois biz ana shu boʻshliqni toʻldirishni maqsad qilganmiz. Axborot sohasidagi oʻzaro hamkorlik har ikki mamlakat uchun manfaatli boʻlishiga ishonaman, — dedi Fernando Moragon.

AOKA direktori Asadjon Xodjayev Oʻzbekiston va Ispaniya oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan uzoq yillik hamkorlikni  axborot sohasida ham davom ettirish va yangi bosqichga koʻtarish zarur ekanini qayd etdi. 


— Biz Ispaniyani Yevropaning har tomonlama taraqqiy etgan mamalakatlaridan biri sifatida bilamiz. Shu jumladan, ispan matbuoti ham dunyo axborot makonida muhim oʻringa ega. Ispan jurnalistlarining Oʻzbekistonga kelishi va oʻzbek jurnalistlarining Ispaniyada tajriba orttirishi har ikki davlatning axborot sohasi uchun foydali boʻlishiga shubha yoʻq. Biz ushbu yoʻnalishda keng koʻlamli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyormiz, — dedi Agentlik rahbari. 


Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi, bu boradagi kelishuvlarni imzolash yuzasidan fikr almashildi.

Увеличить на0%