«INFOLIB UZBEKISTAN-2021» X Milliy axborot-Kutubxona haftaligiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi

04.11.2021, 20:20

Bugun, 4-noyabr kuni Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “INFOLIB UZBEKISTAN-2021” X Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlar dasturini yoritishga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Matbuot anjumanida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va yetakchi axborot-kutubxona muassasalari vakillari, kitobxonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.


Tadbirda mamlakatimizda kitobxonlikni ommalashtirish va mutolaani targʻib qilish, aholiga axborot-kutubxona xizmatini koʻrsatishni takomillashtirish yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

8-12-noyabr kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan kitobxonlik haftaligi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi axborot-kutubxona markazlarida boʻlib oʻtadi. Haftalik 45 ga yaqin tadbirni oʻz ichiga olgan. 


Haftalik axborot madaniyati darajasini oshirish va respublikaning madaniy merosini asrab-avaylash, mutolaani ommalashtirish, foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmatlarini koʻrsatishda Internet imkoniyatlarini oshirish, zamonaviy innovatsion va taʼlim texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish, aholining turli toifalariga xizmat koʻrsatishni tashkil etishda kutubxonalarning ijtimoiy-madaniy rolini oshirish kabi respublika axborot-kutubxona muassasalari faoliyatining dolzarb jihatlari boʻyicha mutaxassislar uchun fikr va tajriba almashish maydonchasi boʻlib xizmat qiladi. 


Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.

Увеличить на0%