“INFOLIB UZBEKISTAN-2021” Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi

08.11.2021, 18:25

Xabar berilganidek, bugun anʼanaviy tarzda boʻlib oʻtayotgan X Milliy axborot-kutubxona haftaligiga start berildi. Haftalikning tantanali ochilish marosimi bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida tashkil etildi.


Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida boʻlib oʻtgan tadbirda soha mutaxassislari, olimlar, taniqli adiblar, adabiyotshunoslar, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik qatnashdi.

Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev soʻzga chiqdi. 


“Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha belgilab berilgan muhim vazifalar bugungi kunda umummilliy harakatga aylanib bormoqda, — deya taʼkidladi AOKA rahbari. — Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilyapti, kitob targʻiboti orqali xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, kitobxonlik anʼanalarini keng targʻib qilish, elektron va audio kitoblar yaratish, milliy va xalqaro tanlovlar, koʻrgazma-yarmarka va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etilmoqda. Mazkur haftalik ham axborot-kutubxona faoliyati sohasini yanada rivojlantirish, foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatishda yangi texnologiyalarni keng joriy etish bilan bogʻliq koʻplab masalalar yechimini topishda oʻziga xos axboriy platforma vazifasini bajaradi, deb ishonaman”.


Tadbirda shuningdek, navoiyshunos olim, professor, Oʻzbekiston  Fanlar akademiyasi akademigi  Abdulla Aʼzam, professor Abdusalom Umarov, Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili Alparslon Akinji va boshqalar kitobxonlik haftaligining ahamiyati xususida oʻz fikrlarini bildirdilar.


Taʼkidlash joiz, kitobxonlik haftaligi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi axborot-kutubxona markazlarida boʻlib oʻtadi. Haftalik doirasida kitob taqdimotlari, ilm-fan, madaniyat va jamoat arboblari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, mutaxassislar uchun axborot-kutubxona tizimini takomillashtirish yuzasidan qabul qilingan meʼyoriy hujjatlar mazmunini oʻrganishga doir seminar-treninglar, davra suhbatlari, dasturiy mahsulotlar taqdimotlaridan iborat 45ga yaqin tadbir oʻtkaziladi.


Haftalik 12-noyabrga qadar davom etadi.


Увеличить на0%