Oʻzbekiston-Rossiya ikkinchi mediaforumi yakunlandi

18.11.2021, 20:25

Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston-Rossiya mediaforumi ikki davlat oʻrtasida media kontent almashish va soha kadrlarini tayyorlash masalalariga bagʻishlangan sessiyalarda oʻz ishini davom ettirdi.


Kunning birinchi yarmida OAV mutaxassislarini tayyorlash, kasbiy vakolatlar va qadriyatlar, zamonaviy yondashuvlar hamda oʻzaro hamkorlik boʻyicha ikki davlat vakillarining maʼruzalari taqdim etildi.


“Oʻzbekiston va Rossiya jurnalistikasining maqsadi bir,  intilishlari yakdil, yaʼni xalq va davlat, fuqarolik jamiyati va boshqaruvning barcha tarmoqlari oʻrtasida oʻziga xos bogʻliqlikni taʼminlashdan iborat”, dedi oʻz soʻzida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi O. Oʻsarov. – Oʻzbekiston ochiq maʼlumotlar resurslari soni boʻyicha dunyoda beshinchi oʻrinni egalladi,  “Open data Inception” ochiq maʼlumotlar rasmiy portali maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda ularning soni 99 taga yetadi".


Shuningdek, rossiyalik mutaxassislar OAVni raqamlashitirish sharoitida jurnalistik taʼlim, noxolis va yolgʻon axborotlarga qarshi kurashish borasidagi tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi.


Sessiya davomida rossiyalik mutaxassislar tomonidan yangi axborot texnologiyalarining zamonaviy jurnalistika rivojiga taʼsiri mavzusida trening mashgʻulotlari namoyish etildi.


Kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston va Rossiya OAV oʻrtasida media kontent almashish borasida chiqishlar tinglandi, fikrlar almashildi va tajribalar borasida oʻrtoqlashildi.


Shundan soʻng Oʻzbekiston-Rossiya ikkinchi mediaforumi yakunlandi. Yopilish marosimida AOKA direktori Asadjon Xodjayev hamda “Rossiya segodnya” xalqaro axborot agentligi bosh direktori oʻrinbosari Andrey Blagodirenko forum ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, tadbir samarali oʻtganini qayd etdilar. Mazkur mediaforum oʻzaro hamkorlikning yanada mustahkamlanishini yoʻlida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.



Увеличить на0%