Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi

03.12.2021, 20:15

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul vakili Obidjon Latipov, Agentlik markaziy apparati xodimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Seminarda O.Latipov soʻzga chiqdi va mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻzlab berdi. Qayd etilishicha, soʻnggi besh yilda bu borada mustahkam huquqiy asos yaratilgani jamiyatda mazkur illatga qarshi kurashishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. 

Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori hamda "Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonlari mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, turli manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori boʻlgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tadbirda Korrupsiyaning oldini olish va “komplayens-nazorat” tizimi haqida maʼlumot berildi.

— Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, — dedi O. Latipov. — Mazkur tizim davlat xaridlarini amalga oshirish va nazorat qilish, korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash, qonun buzilishi va korrupsiya holatlari haqida xabar berish, manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish, nomzodlarni ishga qabul qilishda ochiqlik va shaffoflik kabi masalalarni tartibga soladi.

Tadbirda Agentlik xodimlari, hududiy boshqarmalar rahbarlarining mavzu yuzasidan berilgan savollariga javob qaytarildi. Agentlikda korrupsiya holatlarining oldini olish va unga qarshish kurashish yuzasidan tegishli takliflar bildirildi.

Увеличить на0%