O‘zbekiston So‘z erkinligi indeksining 2022 yilgi reytingida 24 pog‘ona yuqoriladi

03.05.2022, 19:10

"Chegarasiz reportyorlar" xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan So‘z erkinligi indeksining 2022 yilgi reytingida O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini 24 pozisiyaga yaxshilab, 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarildi.

Ushbu natija mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘z va matbuot erkinligi hamda ochiqlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bilan bevosita bog‘liq. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning axborot siyosati keskin o‘zgardi. Amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, jinoiy javobgarlik liberallashtirildi. Xususan, tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilindi. Jurnalist va blogerlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga yaqindan ko‘maklashish, axborot xizmatlari faoliyatini yaxshilashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Sohadagi eng muhim o‘zgarishlardan biri — davlat organlari faoliyatining ochiqligi. Bugun jurnalistlar yoki aholining savollari deyarli javobsiz qolmayapti — media tadbirlar, intervyular, turli masalalar yuzasidan rasmiy izohlar soni va salmog‘i sezilarli ravishda oshdi. OAV va axborot xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik kuchaydi.

Ushbu jarayon nafaqat markazda, balki hududlarda ham izchillik bilan davom etyapti. Jurnalist va blogerlar faoliyatini demokratik tamoyillar asosida qo‘llab-quvvatlash, ularning axborot olish va tarqatish huquqlarining muhofazasini yanada kuchaytirish maqsadida AOKA hududiy boshqarmalari qoshida «Dialog-maydoncha»lari tashkil etildi. Hozirga qadar ushbu tuzilmaning ekspertlar guruhi tomonidan samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda. 

Shuningdek, AOKA tomonidan  1213 raqamli Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu orqali aholi va axborot sohasi vakillari uchun huquqiy maslahatlar, yo‘l-yo‘riqlar berib borilmoqda.

Albatta, zimmamizda hali bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘p. Sohani yanada takomillashtirish, so‘z va matbuot erkinligi yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar kutib turibdi. Ishonamizki, amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro media tashkilotlar e’tiboridan chetda qolmaydi va kelgusi reytinglarda ham bunga munosib baho beriladi.

Увеличить на0%