Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning OAV va axborot sohasiga mas’ul idora rahbarlari bilan 4- yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda

14.05.2022, 14:00

Bugun, 14 may kuni Istanbulda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning OAV va axborot sohasiga mas’ul idoralari rahbarlarining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilish doirasida tashkilotga a’zo davlatlarning soha bo‘yicha mas’ul rahbariyati bilan birga mutasaddi delegatsiyalar ham tashrif buyurishgan.


Uchrashuvda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dad Amreyev, Turkiya Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Fahreddin Altun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, yig‘ilishda Qozog‘iston axborot va jamoatchilikni rivojlantirish vaziri Asqar Umarov, Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligi xavfsizlik siyosati bo‘yicha davlat kotibi Peter Shtaray, Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi Hikmat Hojiyev, Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti direktori Salkin Sarnogoyeva, Turkmanistonning Anqaradagi elchisi Ishankuli Amanliyevlar ham qatnashmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan Agentlik direktori A.Xodjayev O‘zbekistonda OAV huquqlari va so‘z erkinligini ta’minlash, axborot xizmatlarini takomillashtirish orqali davlat organlari faoliyati shaffofligi va ochiqligi, xalq oldida hisobdorligini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. 



Shuningdek, yuqori texnologiyali zamonaviy mediani rivojlantirishda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, tajriba almashish va muloqotlar ko‘lamini kengaytirish borasida takliflarini bildirdi. Xususan:

– Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar teledasturlari, bosma OAV, axborot agentliklari, internet nashrlari mahsulotlari bilan tanishish uchun turkiy tilli mamlakatlar fuqarolariga maqbul sharoitlar yaratish;

– tarbiyaviy ahamiyatga ega telefilmlar, teleseriallar va multfilmlar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik va axborot almashinuvini olib borish;

– har yili elektron va davriy bosma nashrlardan faoliyat yuritayotgan jurnalistlar tanlovini uyushtirish;

– a’zo davlatlarning milliy kunlarida teledasturlar hamda boshqa tegishli hujjatli filmlar va boshqa axborotlarni translyasiya qilish imkoniyatini ta’minlash maqsadida a’zo davlatlarning milliy telekanallari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvlarini o‘rnatish va boshqa muhim takliflarni ilgari surdi.

Yig‘ilish davomida bildirilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan muzokaralar olib borildi. Kelajakda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.



Увеличить на0%