Matbuot kotiblari uchun inson huquqlari himoyasiga bag‘ishlangan seminar-trening boshlandi

19.05.2022, 16:30

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Bosh prokuratura, AOKA, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida 19-20 may kunlari respublika darajasidagi vazirlik, idora va tashkilotlar hamda hokimliklar axborot xizmatlari rahbarlari uchun «Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va mazkur sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi masalalari» mavzusida seminar-trening tashkil etilmoqda.


Bugun o‘quv seminari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Shuhrat Bafoyev ishtirok etdi. Tadbir davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov ham videomurojaat orqali qatnashdi.


Kirish qismida seminarning maqsad-vazifalari, sohaga doir bilim-ko‘nikmalarni nazariy va amaliy jihatdan mustahkamlashdagi ahamiyati, shuningdek, media muhitdagi zamonaviy tendensiyalar haqida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, yurtimizdagi ochiqlik siyosati davlat idoralaridan xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning so‘rovlari, muammolari va takliflariga o‘z vaqtida javob berishni talab qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishda Parlament va Ombudsmanning roli, qonun oldidagi mas’uliyatning sog‘lom ijtimoiy-siyosiy muhitni shakllantirishdagi o‘rni kabi dolzarb masalalar bo‘yicha ma’ruza qilindi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.



Увеличить на0%