Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ul xodim tayinlandi

16.05.2022, 19:00

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda gender tengligi masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Oliy Majlis Senatida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda maxsus komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi va samarali faoliyat olib bormoqda. 

Ta’kidlash kerakki, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, davlat organlarida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ul xodim belgilanishi ko‘zda tutilgan. 

Shu bois Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktorining 2022-yil 16-maydagi  Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ul xodimni tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilindi. 

Buyruqqa ko‘ra, Agentlikning Davlat boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Sadoqat Aslanova Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ul xodim sifatida tayinlandi. 

Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ul xodim zimmasiga Agentlik tizimida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash va boshqa vazifalar yuklatildi.

Увеличить на0%