AOKA direktori: "Kutubxonalar — yoshlarni ziyo nuri bilan o‘ziga rom etuvchi makon bo‘lib qolishiga ishonaman"

25.05.2022, 19:19
Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayevning Andijonda tashkil etilgan “Central Asia – 2022: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XV Xalqaro konferensiyasi ochilishidagi NUTQI:

Assalomu alaykum, hurmatli xonimlar va janoblar, “Central Asia – 2022” XV xalqaro konferensiyasi mehmonlari va ishtirokchilari!


Sizlarni dunyoga mashhur “Boburnoma” asarining muallifi, sarkarda va davlat arbobi, o‘zbek mumtoz she’riyatining yorqin namoyandasi Zahiriddin Muhammad Boburning ona yurti – quyoshli Andijonda qutlashga ijozat bergaysiz.


Tarixdan ma’lumki, har qanday davlatning rivoji, iqtisodiy muvaffaqiyati va xalq farovonligiga erishishi Hukumat tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ularning kelajagiga qaratilayotgan e’tibor darajasi bilan chambarchas bog‘liqdir.


Bilim, ta’lim, mutolaa va kitoblar bilangina mukammal bo‘luvchi intellektual kapitalni takomillashtirish davlat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shadi. Bugungi kunda axborot-kommunikasiya texnologiyalarining jadal o‘sishiga qaramay, aynan kitob va mutolaa – jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishining asosiga aylanmoqda. Global axborot jamiyatining shakllanishi va jadal ijtimoiy o‘zgarishlar davrida kitob – bilim va mutolaa manbai sifatida har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Kitobni uqqan holda mutolaa qilish axborot va bilimlarni, ta’limni o‘zlashtirish, shuningdek, madaniy ko‘nikmalarni oshirishning asosiy vositalaridan biriga aylanmoqda va shu sabab kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiqdir.


So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amalga oshirish doirasida axborot-kutubxona va nashriyot-matbaa sohasini tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.


Tashabbus yo‘nalishlaridan biri sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, shuningdek, sifatli kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, aholining mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi, nashriyot-matbaa va axborot-kutubxona tizimlarini har tomonlama takomillashtirish yo‘nalishlari aniq belgilab olindi.


2017-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mamlakatimizda kitob tarmog‘ining yagona davlat siyosatini yuritmoqda.


Shu o‘rinda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq erishilgan muhim yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman:


● tasarrufida axborot-kutubxona muassasalariga ega bo‘lgan barcha vazirlik va idoralarni birlashtirish, hamkorlik va ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi yaratildi;


● O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 14 ta viloyat va 186 ta tuman (shahar) kutubxonalaridan iborat ommaviy kutubxonalarning yagona tarmog‘i shakllantirildi;


● birinchi bosqichda 20 ta, ikkinchi bosqichda respublikaning 200 ta kutubxonasi bilan elektron hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan “Milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasi joriy etildi;


● 2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash Milliy dasturi amalga oshirilmoqda;


● “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi, shuningdek, soha rivojiga qo‘shgan hissasi va ko‘p yillik fidoiy mehnatlari uchun har yili soha mutaxassislari mukofotlanmoqda;


● Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da madaniy-ma’rifiy majmua tarkibida ilmiy-ma’rifiy kutubxona, jumladan, Adiblar xiyoboni barpo etildi;


● Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashida (International Board on Books for Young People / IBBY) O‘zbekiston Respublikasi Milliy shoʻbasi ta’sis etildi va joriy yildan boshlab mamlakatimiz Xalqaro kengashning to‘laqonli a’zosi bo‘ldi. Ushbu nufuzli xalqaro tashkilot faoliyati xalqaro ijodiy tanlovlarda, kitob ko‘rgazmalarida va adabiy loyihalarda ishtirok etish, bolalar va yoshlar adabiyoti sohasidagi xalqaro mukofot va tanlovlarga mahalliy mualliflarni ko‘rsatish imkonini beradi;


● MDHga a’zo davlatlarning davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg‘armasi faoliyatida qatnashildi, 2021-yilda “Kitob va mutolaa – jamiyat taraqqiyotining strategik resursi” hamdo‘stlik forumi o‘tkazildi;


● YUNESKO bilan “Dunyo xotirasi” va “Hamma uchun ma’lumot” Milliy qo‘mitalari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, uning doirasida mamlakat axborot-kutubxona muassasalarida axborot madaniyati va media savodxonligini oshirishning yagona konsepsiyasi amalga oshirilmoqda;


● mamlakatimiz kitob sanoatining an’anaviy tadbirlari: “Tashkent Book Fest” xalqaro kitob-ko‘rgazma yarmarkasi, “Infolib Uzbekistan” Milliy axborot-kutubxona haftaligi, Respublika kitobxonlik haftaligi o‘tkazib kelinmoqda.


Aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish, «Kitobsevar millat» umummilliy g‘oyasini amalga oshirish bo‘yicha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.


Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi axborot-kutubxona sohasining rivojlanishida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi asosiy timsol hisoblanadi. Mamlakatimizning Bosh kutubxonasini xalqaro anjumanning yubileyi bilan tabriklashga ijozat bergaysiz, hamisha zamon bilan hamnafas bo‘lishini, yoshlarni kitoblar jilosi bilan o‘ziga rom etuvchi makon bo‘lib qolishini, doimo yangi yutuqlar va ijodiy kashfiyotlar sari ildam qadam tashlashini tilayman.


Ishonchim komilki, Forum ishtirokchilar xotirasida yorqin taassurotlar bilan saqlanib qoladi, zero, uch kunlik tadbirlar mutolaani qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli hamkorlik va muhim loyihalarni amalga oshirishda tajriba almashish imkonini beradi.


So‘zim yakunida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga mehmondo‘stlik uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. Shuningdek, O‘zbekistonga kelib, anjumanda ishtirok etish imkoniyatini qo‘ldan boy bermagan xorijlik mehmonlarimiz va qatnashchilarimizga ham alohida tashakkur aytaman.


E’tiboringiz uchun rahmat!

Увеличить на0%