AOKA ochiqlik va so‘z erkinligini ta’minlashda ortga chekinmaydi — Asadjon Xodjayev

14.06.2022, 15:15
Bugun Toshkent shahridagi «Frankfort» mehmonxonasida Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi vakillari, bir qator mutasaddi davlat organlari  mas’ullari hamda xalqaro va nodavlat tashkilot rahbarlari, xorijiy va mahalliy OAV mutaxassislari ishtirokida «O‘zbekistonda mass-mediani rivojlantirishning dolzarb masalalari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda, shuningdek, AOKA rahbari A.Xodjayev va Axborot sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani o‘rganish va takomillashtirish bo‘limi boshlig‘i B.Toshxo‘jayev ham ishtirok etishdi.


Davra suhbatida jurnalistlarning huquqini, shuningdek, ularni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish, axborot olish va tarqatishda xolislikni ta’minlash, OAV xodimlari huquqiy savodxonligini oshirish, turli «feyk» xabarlar tarqalishini oldini olish, jurnalistik faoliyatda gender tenglik masalalari yoritilishi  va sohadagi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.


Xususan, Agentlik direktori A.Xodjayev o‘z so‘zi davomida davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, tanqidlar va jamoatchilik fikriga o‘z vaqtida asosli munosabat bildirish yo‘nalishidagi ishlar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, ta’kidlanishicha, 2019-yilda tanqidiy-tahliliy materiallarga javob berish 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 93 foizga yetgan.


Shuningdek, Agentlik faoliyati doirasida tashkil etilgan «Dialog maydonchasi», 1213 qisqa raqamli Call-markaz, «Media-advice» platformalari orqali nafaqat soha vakillari, balki aholi ham o‘zlarini qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha huquqiy javoblar, maslahatlar va tavsiyalar olish imkoniga egaligi aytildi.


— Biroq, Agentlik bu ishlar bilan cheklanib qolmaydi, tegishli idoralar va tashkilotlar bilan hamkorlikda so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi izchil islohotlarni yanada takomillashtirish, davlat organlari ochiqligini kengaytirish, jurnalistlar va matbuot kotiblarining malakasini oshirish, axborot xizmatlarini faoliyatini yaxshilash va OAV bilan uzviy aloqalarini ta’minlashdagi sa’y-harakatlarini davom ettiradi, — dedi A.Xodjayev so‘zining yakunida.


Bundan tashqari, davra suhbatida AOKA mutasaddi xodimi milliy axborot qonunchiligini takomillashtirish va unifikasiyalash masalalari, axborot kodeksini ishlab chiqish zarurati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, OAVni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi, OAV mahsulotini tarqatish, raddiya berish va javob qaytarish huquqi va shunga o‘xshash bugungi kunga qadar qonunchilikda aniqlik kiritilmagan qator tushunchalarga izoh berilayotganini ta’kidlab o‘tdi.


Tadbir davomida bildirilgan fikr-mulohazalar natijasi va samarasini ta’minlash maqsadida jurnalist va OAV xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, buning uchun sud, prokuratura, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligiga alohida urg‘u berildi.



Увеличить на0%