AOKAda YeXHT DIIHB delegasiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi

14.06.2022, 21:20

Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) delegasiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

  • Uchrashuvda Agentlik direktori Asadjon Xodjayev YeXHT DIIHB bilan hamkorlik samarali rivojlanib borayotgani va o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini ta’kidladi. Qayd etish kerakki, bugun DIIHB delegasiyasiga boshchilik qilgan Ouen Merfi 2021 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidentligiga saylovini kuzatish bo‘yicha missiyaga ham rahbarlik qilgan edi. 

  • Muloqotda O‘zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha DIIHB missiyasining yakuniy hisobotida ilgari surilgan tavsiyalar haqida fikr almashildi. Bu borada jahon tajribasini inobatga olish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

  • Uchrashuvda O.Merfi saylov jarayonlarini yoritish bilan bog‘liq jarayonlarni yuqori baholadi. DIIHB axborot sohasida ko‘p qirrali, konstruktiv hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

  • — O‘zbekiston axborot makonida yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar bilan bir qatorda, saylov jarayonlarini yoritish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishilyapti, — dedi AOKA rahbari. — Bu jihat, ayniqsa, Prezident saylovi jarayonlarida yaqqol sezildi. Bizni oldinda Parlamentga bo‘ladigan saylovlar kutmoqda va mavjud muammolarni ushbu saylovlarga qadar bartaraf etishga harakat qilamiz. Xususan, nomzodlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib etishda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar bor. Biz mazkur yo‘nalishda ish olib boryapmiz, bu borada shuningdek, DIIHB tavsiyalariga ham tayanamiz.

  • Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan kelishib olindi.

Увеличить на0%