«Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon» mavzusidagi II milliy konferensiya o‘z ishini boshladi

23.06.2022, 17:37
Bugun AOKAda «Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon» mavzusidagi II milliy konferensiya o‘z ishini boshladi. Tadbirni Agentlik direktori o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov ochib berdi. Konferensiya doirasida Media-rejalar bo‘yicha yangi platforma taqdimoti namoyish etildi, davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlariga platformaning afzalliklari, o‘ziga xos xususiyatlari haqida ko‘rgazmali vositalar orqali keng ma’lumot berildi.

Mazkur tizim axborot xizmati xodimlari uchun ham, muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilangan Agentlik uchun ham qator qulayliklar yaratadi. Xususan, media-rejalarni elektron shaklda tasdiqlash va ijrosini nazorat qilish, muddati yaqinlashayotgan tadbirlar haqida ogohlantirish, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan tanqidiy axborotlar nazorati va hisobini inson omilini minimallashtirgan tarzda yuritish kabi imkoniyatlarni mujassam etadi.


Platforma dastlab pilot loyiha sifatida 10 ga yaqin vazirlik va idoralarda ishga tushiriladi hamda kelajakda takomillashtirib boriladi.


Tadbirda Qoraqlpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, eng yetakchi tuman va shahar hokimliklari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi.


Bugun, shuningdek, matbuot kotiblari uchun uchrashuvlar va press-turlar ham o‘tkazilmoqda. Xususan, ular Oliy Majlis Senati, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Raqamli situatsion markaz», Adliya vazirligi axborot xizmati, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi tarkibidagi «Renessans TV» telekanali faoliyati bilan yaqindan tanishdi.


Uchrashuv va muloqotlarda asosiy e’tibor hududlarda faoliyat yuritayotgan matbuot kotiblarini yetakchi respublika tashkilotlari tajribasi bilan yaqindan tanishtirish hamda OAVlar bilan hamkorligini rivojlantirishga qaratilmoqda.


Ertaga, 24-iyun kuni «Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon» mavzusida anjuman tashkil etiladi.



Увеличить на0%