Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Bugun poytaxtimizdagi «Hyatt» mehmonxonasida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari — Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbarining soha xodimlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov Prezident Farmoniga ko‘ra taqdirlangan fidoyi jurnalistlar, media, matbaa va kutubxona tizimi vakillariga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev hamda boshqa mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.
Tantanali kecha davomida unvon, orden va medal bilan taqdirlangan soha vakillari ham so‘z olib, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni, samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, xodimlarning mehnatini har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida fikr bildirib, ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirishdi.