AOKAda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kommunikasiyalar bo‘yicha boshqaruv direktori bilan uchrashuv o‘tkazildi

04.07.2022, 19:00

Bugun AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kommunikasiyalar bo‘yicha boshqaruv direktori Jonatan Charlz boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Muloqot davomida Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekistonda axborot sohasini liberallashtirish, so‘z va matbuot erkinligi hamda davlat idoralari ochiqligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi rolini oshirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda xorijiy mehmonlarni qiziqtirgan qator savollarga javob qaytarildi, shuningdek, milliy mass-medianing rivojlanish dinamikasi, jurnalistlar huquqlari himoyasi, axborot xizmatlari va davlat tuzilmalarining matbuotdagi tanqidlarga konstruktiv javob qaytarish mexanizmiga oid masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Tadbir yakunida o‘zaro hamkorlikning turli yo‘nalishlari muhokama qilindi.



Увеличить на0%