AOKA hududiy boshqarmalari qoshidagi «Dialog maydoncha»lari faoliyati tahlili (2022 yil, 1 iyul holatiga ko‘ra)

08.07.2022, 12:00

Ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar faoliyatini demokratik tamoyillar asosida qo‘llab-quvvatlash, ularning axborot olish va tarqatish huquqlarining muhofazasini yanada kuchaytirish maqsadida AOKAning hududiy boshqarmalari qoshida «Dialog maydoncha»lari tashkil etilgan. Hozirga qadar ushbu tuzilmaning ekspertlar guruhi tomonidan samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

2022 yilning yanvar-iyun oylari davomida «Dialog maydoncha»lariga 41 ta murojaat kelib tushgan. Ularda ko‘tarilgan masalalar boshqarmalar huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari tomonidan tezkor ravishda muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingan, zarur tushuntirish va tavsiyalar berilgan. Shuningdek, Agentlikning (71) 244-23-34 ishonch telefoni va 1213 qisqa raqamli Call-markaziga yo‘llangan murojaatlar ham o‘rganilib, ijobiy hal qilinishi ta’minlangan.

Xususan, Toshkent viloyatida «Xalq ovozi» gazetasi muharriri soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar, yangiliklar haqida materiallar tayyorlashda sohaga oid bilim va ko‘nikmalarni oshirish maqsadida seminar tashkil etilishida ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilgan. Mazkur murojaat hududiy boshqarma tomonidan nazoratga olinib, viloyat davlat soliq boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatdagi bosma OAV muharrirlari va bosh hisobchilari ishtirokida tegishli mavzu yuzasidan o‘quv seminari o‘tkazildi.

Samarqand viloyatida «Daryo» internet nashri muxbiri o‘zining «Samarqand Live» telegram kanalida e’lon qilingan materialga viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati tomonidan noprofessional tarzda rasmiy munosabat bildirilganidan jiddiy norozi bo‘lib, «Dialog maydoncha»ga murojaat qilgan. Murojaat yuzasidan hududiy boshqarma boshlig‘i, ekspertlar guruhi a’zolari, murojaatchi, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va axborot xizmati rahbari ishtirokida suhbat o‘tkazildi.

Muhokama jarayonida murojaatchi viloyat MTB axborot xizmati bayonotida unga nisbatan «ezma» so‘zini qo‘llangani va shu kabi shaxsni tahqirlovchi jumlalardan foydalanilganiga e’tiroz bildirdi, u «bog‘cha»lardagi kamchiliklarni tanqid qilish orqali masalaga mas’ul mutasaddilarning e’tiborini tortish, muammoga yechim topishni maqsad qilganini bayon etdi.

Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari bu borada anglashilmovchilik yuz bergani, har qanday murojaatga javob berishga hamda bloger va jurnalistlar bilan holatni joyiga chiqib o‘rganishga tayyorligini qayd etdi. Suhbat davomida MTB xodimlari murojaatchining ba’zi e’tirozlari to‘g‘ri ekanini tan olib, yo‘l qo‘yilgan xatolar va e’tiborsizlik uchun uzr so‘radi.

«Dialog maydoncha» ekspertlari tomonidan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati rahbariga OAV va media vakillari bilan yaqindan hamkorlik qilish, rasmiy munosabat bildirayotganda kasbiy etika qoidalarga rioya etish zarurligi tushuntirildi.

Qashqadaryo viloyatida fuqarolar, tashkilotlar tomonidan asosan turli tadbirlar, uchrashuvlar, muloqotlar, tanlovlar tafsilotlarini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish hamda ijodiy ishlarni matbuotda chop etish bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaatlar yo‘llangan. Ekspertlar guruhi har bir murojaatni tahlil qilib, ko‘tarilgan masalalar belgilangan tartibda ijobiy hal etilishini ta’minladi.

Surxondaryo viloyatida ijtimoiy tarmoq faoli, bloger Denov tuman hokimligi media tadbirlarga uni chaqirmayotgani uchun e’tiroz bildirib, hokimlik axborot xizmati rahbari ustidan shikoyat qilib murojaat yo‘llagan. Ekspertlar guruhi murojaatda ko‘tarilgan masalani o‘rganish, muammoga yechim topish maqsadida viloyat va tuman hokimlarining matbuot kotiblari bilan muloqot o‘tkazdi. Mahalliy boshqaruv organlari faoliyatini ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida olib borishida OAV va blogerlar bilan o‘zaro hamkorligi samara berishi qayd etildi. Tomonlar o‘rtasidagi tushunmovchiliklar bartaraf etildi. Denov tumani hokimi blogerni taklif qilib, kun davomida o‘zi bilan birga olib yurdi. Ertasiga blogerning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «Denov tumani hokimi bilan bir kun» sarlavhali material e’lon qilindi.

Xorazm viloyatida ko‘plab blogerlar mahalliy hokimliklar binosiga mobil telefonlarni olib kirish yoki undan foydalanish mumkin yoki mumkin emasligi to‘g‘risida so‘rov yuborib, murojaat qilgan. «Dialog maydoncha» mutaxassislari murojaatchilarga quyidagilarni tushuntirdi:

– Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 iyuldagi 555-son qaroriga asosan ob’yekt ma’muriyati kirib-chiqish yo‘riqnomasini o‘zi tasdiqlaydi. Shunga ko‘ra, ayrim davlat tashkilotlari binosiga kirish uchun mobil telefon olib kirish bilan bog‘liq cheklov belgilangan bo‘lishi mumkinligi;

– davlat organlari va tashkilotlari joylashgan binolarga shaxsiy mobil telefonlarni olib kirish ichki va axborot xavfsizlikni ta’minlash, ish yurituvidagi oshkor etilmaydigan ma’lumotlarning butligini saqlash maqsadlarida cheklanishi mumkinligi;

– davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning axborot maxfiyligini saqlash bilan bog‘liq majburiyatlari mansab yo‘riqnomalari va shu kabi boshqa lavozim vazifalarini belgilovchi hujjatlarda ko‘rsatib o‘tiladi. Shu sababli tashkilotlar o‘z axborot xavfsizligi siyosatidan kelib chiqib nafaqat tashqaridan tashrif buyuruvchilar, balki o‘z xodimlariga ham ishxonalarda mobil aloqa vositasidan foydalanishga ruxsat berish va aksincha taqiqlash huquqiga egaligi tushuntirildi.

Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi bloger Bekobod qishlog‘ida yer ajratish va o‘zlashtirish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar haqida material e’lon qilgan kuni noma’lum kimsalar tungi soat 23:30 da uning uyiga kelib, chop etgan xabari bo‘yicha bosim o‘tkazgani yuzasidan murojaat yo‘llagan. Masala ekspertlar guruhi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirokida muhokama etilib, shaxs daxlsizligi qonun hujjatlarida kafolatlangani, tahdid yoki tajovuz holatlari javobgarlikka sabab bo‘lishi ta’kidlandi. Shunga ko‘ra, tegishli choralar belgilab olindi. Blogerning Yangiqo‘rg‘on tuman IIB va viloyat IIBBga yozgan arizalari mas’ul mutasaddilar, jumladan, viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari tomonidan nazoratga olinishi ta’minlandi.

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari o‘z murojaatida hudud hayotiga oid yangiliklarni yutub-kanalida yoritib boruvchi bloger tomonidan viloyat tug‘uruqxonasiga oid tekshirilmagan axborot tarqatilganini ma’lum qilgan. Ushbu masala bo‘yicha «Dialog-maydoncha»da murojaatchi va bloger ishtirokida muhokama o‘tkazildi. Ijtimoiy tarmoqlarda asoslanmagan, yolg‘on ovozli, foto va videoxabarlarni e’lon qilish, shuningdek, shaxsning or-nomusi, sha’ni va qadr-qimmati hamda ishchanlik obro‘sini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish amaldagi qonunchilikka ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishi tushuntirildi. Tomonlar hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib oldi.

Увеличить на0%