AOKAda YeXHT DIIHB delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi

19.07.2022, 20:30

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Ovoz berishning yangi texnologiyalari bo‘yicha DIIHB katta maslahatchisi Vladimir Misev, DIIHBning Saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Kseniya Dashutsina, AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov va Agentlik mas’ul mutasaddilari ishtirok etdi.


Muloqot davomida Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekistonda axborot sohasini liberallashtirish, so‘z va matbuot erkinligi hamda davlat idoralari ochiqligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi rolini oshirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda xorijiy mehmonlarni qiziqtirgan qator savollarga javob qaytarildi, shuningdek, saylov jarayonlarida AOKAning roli, Agentlikning milliy mass-media va matbuot xizmatlari bilan o‘zaro munosabatlari, axborot qonunchiligiga rioya qilishning muammo va yechimlari, axborot xizmatlari va davlat tuzilmalarining matbuotdagi tanqidlarga konstruktiv javob qaytarish mexanizmiga oid masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, YeXHT tizimi bilan aloqalar samarali rivojlanib borayotgani va tashkilot tarafidan bildirilgan tavsiyalar doimo e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi. Tadbir yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga ham alohida urg‘u berildi.


Увеличить на0%