Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish sohasidagi huquqiy islohotlar

28.07.2022, 17:20

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning asosiy mavzusini yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan rivojlantirishga va ularning kelgusida Vatanimizga munosib farzand bo‘lib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar tashkil etadi. Mazkur masalada amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari yoshlarni asosan ma’naviy tahdidlar va xavfli axborotlardan himoya qilishga va ularni komil inson sifatida shakllanishiga turtki bo‘luvchi huquqiy asoslarni o‘rnatishga yo‘naltirilganligini alohida ta’kidlash zarur.

Axborot almashinuvi shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi zamonda xalqning, ayniqsa, bolalarning ongini xavli ma’lumotlardan asrash, ularga imkoni boricha to‘g‘ri va asoslangan axborotlarni yetkazib berish, shuningdek, yoshlarimizning o‘zbek xalqi mentalitetiga mos bo‘lgan ma’lumotlardangina foydalanishlarini ta’minlash davlatimizning asosiy maqsadlaridan biridir. Bunda e’tibor axborotning erkin aylanishi bilan birga, OAVlar orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarning xavfsiz, haqiqiy va ishonchliligiga qaratiladi.

Demak, hozirgi kunda keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilayotgan axborotlarning xavfsiz emasligini inobatga olgan holda, bolalarni bunday axborotlardan himoya qilish davlatning ustuvor vazifalaridan biri ekanini unutmaslik zarur. Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2017-yil 8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonun 2018-yil 10-martda kuchga kirgan. Qonunning asosiy maqsadi bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.

Bolalarning axborot xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonun normalarini tahlil qilishda, “bola” atamasi kimlarga taalluqli degan savol tug‘iladi. O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar) tushuniladi. “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunida ham bolalar sifatida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan (voyaga yetmagan) shaxslar anglashilishi belgilangan. Bundan kelib chiqadiki, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarni huquqiy ongi va huquqiy madaniyati shuningdek, ma’naviyati ham o‘ziga xos rivojlanish jarayonida bo‘ladi. Shuning uchun ham ularning ongini turli ma’lumotlar bilan zaharlash va ma’naviyatiga xavfli axborotlar bilan ta’sir o‘tkazish juda oson.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bolalarni barkamol avlod qilib voyaga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlarda bolalarni xavfli axborotlardan himoya qilish masalasi yuqori o‘rinda turganligini ta’kidlab o‘tish kerak.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasida har bir bola o‘zining sog‘lig‘i, axloqiy va ma’naviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan axborotni olish, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega ekanligi, ammo bunda qonunda nazarda tutilgan cheklashlar inobatga olinishi nazarda tutilgan. Shuningdek, mazkur normaga asosan, pornografiya, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni namoyish etuvchi, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘luvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, adabiyotlarni tarqatish hamda filmlarni namoyish etish ta’qiqlanadi. Bu esa, bolalarni har qanday axborotni qabul qilishdan asraydi. Biroq, Internet tizimi tobora kuchayib borayotgan xozirgi kunda bolalarni keraksiz va ularning ongi hamda ruhiyatiga ta’sir qiladigan axborotlardan himoya qilish darajasi juda past ekanligiga ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Bunday sharoitda Internet tizimlari va ijtimoiy tarmoqlardan kelayotgan har xil axborotlarga qanday cheklov qo‘yish mumkin degan savol tug‘iladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-mart 137-son Qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi axborot resurslarini tayyorlash va ularni ma’lumotlari uzatish tarmoqlarida, shu jumladan, Internetda tarqatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomda har qanday ma’lumotlar Internetda tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga doir bir qancha qoidalar o‘rnatilgan bo‘lib, axborot ayirboshlash vositalari tarkibiga axborot resurslaridan foydalanishning alohida qoidalari belgilangan davlat axborot tizimlari, tarmoqlarini ulash axborot xavfsizligi talablariga muvofiq attestasiyadan o‘tkazilgandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan amalga oshiriladi degan qoida o‘rnatilgan. Bundan ko‘rinadiki, Internet tarmoqlariga ulanayotgan axborot tizimlari axborot xavfsizligiga qanchalik javob berilishi tekshiriladi.

Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarni amalda ishlashini ta’minlash mamlakatimizda axborot xavfsizligi sohasini boshqarishda muhim hisoblanadi. Ta’kidlash kerak, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda nafaqat bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi hamda ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar vakolatlari belgilab berilgan, balki bolalar uchun xavfli hisoblanuvchi axborotlar doirasi, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi, axborot mahsulotining aylanishiga qo‘yiladigan talablar, axborot mahsulotining ekspertizasi va uning huquqiy oqibatlari ham aniqlashtirilgan. Hozirda televideniya orqali efirga uzatilayotgan har bir axborot mahsuloti tekshiriladi, ekspertizadan o‘tkaziladi hamda yoshga oid tasnifi ham belgilangan holda uzatiladi. Bu jarayonda ota-onalarning hushyor bo‘lishlari talab etiladi, xolos. Chunki hatto multfilmlar ham bola yoshiga nisbatan tasniflanadi.

Shunga qaramasdan, mazkur masalada ham ayrim kamchiliklar mavjud. To‘g‘ri, O‘zbekiston hududida Internetga ma’lumot joylashtirishga ma’lum bir cheklovlar qo‘yilgan bo‘lishi mumkin, ammo xorijiy mamlakatlarning Internet saytlaridan bizning mamlakatimizga uzatilayotgan axborotlarning xavsizligiga kim kafolat beradi? Bolalar uchun juda qiziqarli bo‘lib ulgurgan Youtube tarmog‘ida joylashtirilayotgan hamda O‘zbekistonning istalgan hududida, istalgan aloqa vositasidan foydalangan holda kirib ko‘rish mumkin bo‘lgan ma’naviy bo‘shliqqa yetaklovchi, hech qanday mazmunga ega bo‘lmagan videolarning ham sanog‘i yo‘q. Ushbu masala ham muammoligicha qolmoqda.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasida ommaviy axborot vositalari e’lon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to‘g‘riligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar deb belgilangan.

Bunday javobgarlik masalalari boshqa qonun hujjatlarida ham (O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Jinoyat kodeksi) o‘rnatilganligiga qaramasdan, ayrim shaxslar xavfli axborotlardan g‘araz maqsadlarda foydalanayotganligi hammamizga ma’lum.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Qarori bilan “Axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi hamda “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishni ta’minlashga doir ma’muriy va tashkiliy chora-tadbirlar, dasturiy-apparat va texnika vositalariga doir talablarni belgilash to‘g‘risida”gi nizomlar tasdiqlanganligi va bu hujjatlar bugungi kun uchun ayni muddao bo‘lganligini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyundagi 317-son qarori asosida my.gov.uz portalida “Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish bo‘yicha ekspertlarni akkreditasiya qilish” xizmati ishga tushirilganligi ham bir yutuq desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda tezlik bilan hayotimizga kirib kelayotgan axborotlarni yaxshi-yomonga yoki to‘g‘ri-noto‘g‘riga ajratish juda murakkab bo‘lib bormoqda. Shuning uchun ham mazkur jarayonda barchaning ogohligini ta’minlash zaruriyati ham ortmoqda. Bunda faqat ota-onalarning emas, balki barchaning, ya’ni maktabgacha ta’lim muassasalarining bolalar uchun mas’ul xodimlaridan boshlab, oliy ta’lim muassasalarining yoshlarga mas’ul xodimlarigacha e’tiborsiz qolmasliklari shart. Zero, ajdodlarimizdan qolgan “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” degan naql bekorga aytilmagan.

Shu jumladan, taklif o‘rnida fikr bildiradigan bo‘sak, bolalarga, ayniqsa maktab va kollejda tahsil olayotgan o‘quvchilarga aloqa vositalaridan foydalanishni cheklash, ta’lim muassasasiga aloqa vositalarini olib kelmasliklarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek barcha Internet klublarida yoshlar ongini zaharlashi mumkin bo‘lgan saytlarga ta’qiq o‘rnatish hamda mazkur masalada ota onalarning loqayd bo‘lmasliklarini ta’minlash, ya’ni farzandlari tarbiyasiga qat’iyroq qarashlarini talab qilish zarur deb o‘ylaymiz.

Axborot hujumi shunday kuchki, u bilan kurashish uchun bir insonning yoki bir jamoaning qurbi yetmaydi. Bir yo‘lni yopsak, boshqa yo‘l topib bolalarimiz ongiga kirib kelaveradi. Shu sababali, xavfli axborotlardan yoshlarni himoya qilishda barchamiz birdam bo‘lib harakat qilmog‘imiz lozim.


Adhamjon Xolmurodov,
Axborot va ommaviy kommunikasiyalari agentligi,
Axborot siyosati boshqarmasi bosh mutaxassisi

Увеличить на0%