Qo‘qonda qayta ta’mirlangan Amiriy kutubxonasi o‘z faoliyatini boshladi

24.09.2022, 14:00

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida aholiga axborot-kutubxona xizmat ko‘rsatishni yanada rivojlantirish hamda sohada yagona boshqaruv tizimini joriy etish hamda kitobxonlikni keng ommalashtirish vazifalari belgilangan.

Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, aholining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yoshlarning intellektual salohiyati va ulardagi kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish maqsadida  Respublika bo‘ylab mavjud axborot-resurs markazlari faoliyatini, kutubxonalar bazasini zamonaviy, xorijiy kitoblar bilan boyitish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashda tubdan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan zamon talablariga mos qayta ta’mirlangan, AOKA tasarrufidagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona tizimida bo‘lgan Amiriy kutubxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Barcha sharoitlarga ega kutubxona 70 o‘rinli bo‘lib, unda bibliografiya, kitoblarga ishlov berish va saqlash, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda bolalar uchun ajratilgan maxsus bo‘limlar faoliyat olib bormoqda. 


Amiriy kutubxonasiga O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan zamonaviy ochiq kitob javonlari sovg‘a qilindi. Shuningdek, kutubxona moddiy texnik bazasini rivojlantirish maqsadida kutubxona xodimlari o‘z loyihalari bilan “Tashabbusli byudjet” loyihasida ishtirok etib, g‘olib bo‘ldilar. 


Kutubxona fondini yanada boyitish maqsadida, kutubxonachilar tashabbusi bilan “Kutubxona fondini boyitamiz” shiori ostida aksiya tashkil etildi. O‘tkazilgan aksiya davomida kitobsevar yurtdoshlarimiz tomonidan 60 mln. so‘mdan ortiq  jami 2 mingda ziyod adabiyotlar sovg‘a qilindi. Hozirgi kunda Amiriy kutubxonasi 120 mingdan ortiq umumiy fondga ega.


Qo‘qon shahar aholisi uchun yaratilgan ushbu kutubxona barcha kitobsevarlar uchun bitmas ilm xazinasi bo‘ladi va izlanuvchan yoshlarning bilimlarini oshirishda eng kerakli maskan bo‘lib xizmat qiladi.


Увеличить на0%